Qoraqalpog'istonda aholi majburiy paxta chopig'iga olib chiqilmoqda


Xalqaro tashkilotlarning hisobotlariga ko’ra, O’zbekiston paxta sanoatida vaziyat o’zgarganicha yo’q. Mahalliy faollar Qoraqalpog’istonda aholini majburan paxta chopig’iga jalb etish kampaniyasi kuchaygani yuzasidan O’zbekiston hukumatiga, Xalqaro Mehnat tashkilotiga murojaat bilan chiqqan.

O'zbekiston huquq himoyachilari Alyansi tarqatayotgan xabarga ko'ra, Qoraqalpog'istondagi majburiy mehnat kampaniyasiga talabalar, shifokorlar, o'qituvchilar jalb qilinayotganidan tashqari, ayrim tumanlarda korxona ishchilarining 90 foizigacha dalaga olib chiqilmoqda.

O'zbekistondagi majburiy mehnat kampniyasi yuzasidan kuzatuv o'tkazayotgan huquq himoyachilari hukumatga, Xalqaro Mehnat tashkilotiga Qoraqalpog'istondagi vaziyat yuzasidan murojaat bilan chiqishgan.

Alyans rahbari Yelena Urlayevaning aytishicha, chopiq kampaniyasi viloyatlarda davom etmoqda, Qoraqalpog'istondagi vaziyatni kuzatish esa imkonsiz.

“Biz Qoraqalpog'istondagi, viloyatlardagi majburiy mehnat yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga ham, xalqaro tashkilotga ham murojaat bilan chiqqan edik. Shundan so'ng, jumladan, Qoraqalpog'istondagi vaziyatda biror o'zgarish kuzatilgani haqida aytish qiyin, imkonsiz. Ammo men har kuni Toshkent viloyatidagi vaziyatni kuzatib borayapman. Odamlar, avvalgidek, majburan dalaga olib chiqilayapti, hukumat bu boradagi pozitsiyasini o'zgartirmoqchi emas. Shunday ekan, Qoraqalpog'istondagi vaziyatda biror o'zgarish bo'lishiga ishonmayman,” - deydi Yelena Urlayeva.

Alyans ma'lumotlarni muxtor respublikani Rossiya tarkibiga qo'shish talabi bilan tanilgan “Olg'a Qoraqalpog'iston” harakatidan olgan. Mamlakatdan tashqarida bo'lgan bu tashkilot respublikadagi vaziyatni o'z faollariga tayanib yozadi.

Unda aytilishicha, shifokorlar va o'qituvchilarning yarmidan ko'pi dalaga chiqarilgan, bunga qo'shimcha ravishda shanba va yakshanba kunlari ham turli korxonalardan ishchilar yig'ilmoqda, chopiqqa chiqmaganlar 200 ming so'mgacha tovon to'lashga majbur qilingan.

O'zbekistonda ekologik jihatdan eng og'ir hudud hisoblangan Qoraqalpog'istondagi vaziyat huquq himoyachilari nazarida ham o'ta mavhum. Ayniqsa, Rossiya matbuotida mustaqillik talab qilayotgan Qoraqalpog'iston haqidagi chiqishlar kuzatilishi ortidan respublikada nazorat yanada kuchaytirilgan.

“Qoraqalpog'istondagi vaziyat o'ta og'ir, yoshlar ko'chib ketishga majbur, ish joylari yo'q, buning ustiga ekologik muhut ham og'ir. Orol fojeasi ta'siridan ichimlik suvi, oziq-ovqatlar tarkibi buzilgan. Bundan tashqari, muxtor respublikada xavfsizlik idoralarining faoliyati keskin kuchaytirilgan. Ular tanqidiy qarashning har qanday ko'rinishiga keskin toqatsiz. Ikki oydan ko'proq respublikadan tashqarida yashagan aholi alohida ro'yxatga olinmoqda, so'roqqa chaqirilmoqda”, - deydi Markaziy Osiyo inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva.

Qoraqalpo'giston mustaqilligini, muxtor respublikani Rossiya yoki Qozog'iston tarkibiga qo'shishni talab qilayotgan “Olg'a Qoraqalpog'iston” guruhi haqidagi xabarlar, dastlab, Rossiya matbuotida paydo bo'ldi.

Bu xabarlarning Ukrainadagi hodisalar, Qrimning Rossiya tomonidan ishg'ol qilinishi ortidan kuzatilishi rasmiy Toshkentda ancha xavotir uyg'otgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG