O'zbekistonda huquq faoli ozodlikka chiqdi

  • Amerika Ovozi

O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati a’zosi, Sirdaryo viloyatida jonbozlik ko'rsatgan Alisher Karomatov 2006-yilning iyun oyida poraxo'rlikda ayblanib, to’qqiz yilga qamalgan edi.

Ijtimoiy va iqtisodiy huquqlar, xususan dehqonlar va nogironlar manfaatlari uchun kurashgan Karomatov, safdoshlar va xalqaro tashkilotlar nazarida, hukumatni tanqid qilgani, uni savolga tutgani uchun jazolangan.

Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkilotining bildirishicha, Karomatov panjara ortida qiynoqqa solingan. Gaz niqobi kiydirilgan, azoblangan, muzlatadigan darajada uzoq saqlangan.

Karomatovning oilasi uning ahvoli og’ir ekanini aytib, O’zbekiston hukumatidan mahbusni ozod etishni so’rab kelayotgan edi. U Qarshidagi turmada edi.

Huquq himoyachilari fikricha uning chiqarilgani xush xabar, ammo Karomatov chekkan azoblari, aybsiz ravishda olti yil o’tirgani uchun adolat ta’minlanadimi?

Human Rights Watch Karomatovning qamalishi va qiynoqqa solinishi uchun javobgar mansabdorlar jazolansin deya chaqirmoqda.

Tashkilot, shuningdek, O’zbekistonda kamida 10 faol, ular orasida jurnalistlar va muxolifatchilar, soxta ayblar bilan qamoqda ekanini eslatmoqda.

Yaqinda Human Rights Watch vakili Stiv Sverdlov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda, “Respublikada huquq va erkinlik bilan bog’liq vaziyat orqaga ketsa ketayaptiki, oldinga siljiyotgani yo’q”,- dedi.

Karomatov singari ko’plab faollar qiynoqlar ostida soxta ayblovlarga iqror bo’ladi, deydi Sverdlov, bu O’zbekistonda keng tarqalgan holat.

O’tgan yili Oliy Sud qarori bilan tashkilotning Toshkentdagi idorasi yopilgan edi. Sverdlov mamlakatga kiritilmayapti.

“Bugun O’zbekistonda vaziyatni yaqindan kuzata oladigan biror xorijiy muassasa yo’q”,- deydi u.

Human Rights Watch va boshqa huquq tashkilotlari xalqaro hamjamiyat, xususan AQSh va Yevropa Ittifoqini respublikadagi ahvolga ko’z yummaslikka, prezident Islom Karimov va uning ma’muriyatiga nisbatan bosimni oshirishga chaqirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG