Karimov: Markaziy Osiyoni yaqin kelajakda jiddiy sinovlar kutmoqda


Islom Karimov, O'zbekiston prezidenti

Islom Karimov, O'zbekiston prezidenti

O’zbekiston rahbari Islom Karimov kuni kecha Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan e’lon qilingan tabrigida, xalqaro qo’shinlarning Afg’onistondan chiqarilishi ortidan mintaqada xavf-xatar keskin kuchayishi mumkin deya xavotir bildirdi.

Karimov fikricha Markaziy Osiyoni oqibatini oldindan aytish qiyin bo’lgan jiddiy sinovlar kutmoqda.

Oliy bosh qo’mondon ekstremistik kuchlarga qarshi kurash va tahdidni o’z vaqtida aniqlashni Qurolli kuchlar, Mudofaa vazirligi, Bosh shtab va harbiy okruglarning asosiy vazifasi deb belgilagan.

O’zbekistonda zamonaviy qurol-yarog’ ishlab chiqarish, modernizatsiyalashga ixtisoslashgan qo’shma korxonalar tashkil etish zarurligi ta’kidlanadi. Prezidentga ko’ra, Afg’onistondagi vaziyat mavhum; yon atrofda esa mojarolar, terrorizm va diniy radikalizm yoyilmoqda.

Xalqaro qo’shinlarning, xususan Amerika harbiylarining Afg’onistonni tark etishi dunyo bo’ylab keng muhokamada. Lekin hech kimda aniq javob yo’q. Afg’oniston yanada beqarorlashsa, qo’shni davlatlar Tojikiston, Turkmaniston va O’zbekistonga ham ko’chishi mumkin degan xavotirlar mavjud.

Islom Karimov bu borada anchadan beri aytib keladi:

“Afg’oniston bilan cheradosh birinchi navbatda kim? O’zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston emasmi? Ya’ni keskinlik, ular Afg’oniston masalasini hal qilmasdan chiqib ketishi bilan, ahvol keskinlashishi muqarrar. Men buni afsuslanib gapirayapman, lekin bu hayot undan hech qayoqqa qochib ketib bo’lmaydi ”, - degan edi Islom Karimov mahalliy matbuotdagi chiqishida.

Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida Afg’oniston yuzasidan tashvish u qadar kuchli emas.

Mintaqada Afg’oniston bilan eng uzun chegaraga ega Turkmanistonda xalqaro koalitsiya chiqib ketayotgani xususida ortiqcha bezovtalik sezilmaydi.

Afg’oniston rahbari Hamid Karzay bilan muzokaralar o’tkazib turadigan Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon ham u qadar xavotir bildirmagan. Ammo Tojikiston favqulodda vaziyatlarda mamlakatdagi Rossiya harbiy bazasi yordamiga umid qiladi.

Rossiyaning Tojikistondagi elchisi yaqinda bergan intervyusida shunga urg’u berdiki, agar Afg’onistonda ahvol og’irlashsa, bazadagi kuchlar xavfni bartaraf etishga jalb qilinadi.

Qozog’iston rahbari Nursulton Nazarboyev nazarida esa ortiqcha tashvishga hojat yo’q: xalqaro qo’shinlar Afg’onistondan chiqarilishi ortidan mintaqa beqarorlikka yuz tutadi degan qarash haqiqatdan yiroq. Ammo ayrim qozoq ekspertlari prezidentning bu pozitsiyasini yoqlamaydi.

Siyosatshunos Do’sim Satpayev:

“Afg’oniston masalasida O’zbekiston tomoni bildirib kelayotgan pessimistik qarashlar qarshisida Nazaboyevning bu boradagi fikrlari juda umidli ko’rinadi. Ammo, mening fikrimcha, bu umidli qarashlar asosga ega emas. Haqiqatda, Qozog’iston rahbari afg’on faktori bilan bog’liq xavfni yaxshi anglamayapti. Qozog’iston a’zo Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi ham Afg’onistondan kutilayotgan xavfni ancha jiddiy baholaydi. Shuning uchun ham bu tashkilot Afg’onistondagi urushda qatnashayotgan, diniy ektremistik tashkilotlarda jangovar tayyorgarlikdan o’tayotgan markaziy osiyoliklar bilan jiddiy shug’ullanayotganini bildirib keladi. Albatta bu bayonotlar soyasida Nazarboyevning qarashlari biroz g’alatiroq".

O’zbekiston rahbari azaldan diniy ektremizm tahdidi va Afg’onistondan kelayotgan xavfni bo’rttirganlikda tanqid qilinadi. O’zbekiston e’tiqod erkinligi keskin cheklangan davlat, deydi huquq himoyachilari. Afg’oniston tahdidi bahonasida tuzum o’z tanqidchilaridan qutulishga, ularning ovozini o’chirishga harakat qilib keladi; repressiya shu tariqa oqlanadi, deydi ular.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG