O'zbekiston rahbari AQSh yetakchi diplomatini qabul qildi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi muovini Robert Bleyk Toshkentdagi elchi Jorj Krol bilan, 15-avgust, 2012. O'zA olgan surat.

AQSh Davlat kotibi muovini Robert Bleyk Toshkentdagi elchi Jorj Krol bilan, 15-avgust, 2012. O'zA olgan surat.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Robert Bleyk (Blake) Oqsaroyda O'zbekiston prezidenti Islom Karimov huzurida bo'ldi.

Ayni damda Toshkentda ikki davlat rasmiylari yillik maslahat kengashiga yig'ilgan. Xavfsizlikdan tortib Afg'oniston bo'yicha hamkorlik, savdo va sarmoya hamda huquq-demokratiya masalalari muhokamada.

Bleyk va Karimov hamkorlik, parlamentlararo munosabatlar, fuqarolik jamiyatlari bilan tajriba almashish borasida gaplashgan, deya xabar beradi O’zbekiston axborot agentligi.

Tomonlar xalqaro qo’shinlar 2014-yilda Afg’onistonni tark etgach, bu davlat va umuman mintaqada tinchlik va farovonlik istiqboli haqida to’xtalgan.

Shuningdek, Bleyk boshliq delegatsiya tarkibida borgan Tom Melia, Davlat departamentining huquq va demokratiya bo'yicha yetakchi diplomatlaridan biri, Toshkentdagi elchixonada fuqarolik jamiyati vakillari va mustaqil huquq himoyachilari bilan uchrashgan.

O’zbekistonda ishlashga qiziqqan AQSh kompaniya vakillari uchun ham tadbirlar o’tmoqda. 50 dan ortiq firma ishtirokida biznes forum tashkil etilgan.

Afg’onistondagi xalqaro koalitsiyaga yuk tashiladigan yo’nalish, Shimoliy Ta’minot Tizimi, O’zbekistondan ham o’tadi va respublika rahbariyati bu borada Vashington bilan hamkorlikni kengaytirish niyatida ekanini bildirgan.

Bleyk O’zbekistonning bu boradagi roli muhim deydi. Lekin, deydi u, aloqa faqat shu bilan cheklanib qolmagan. Amerika iqtisodiy va madaniy hamkorlik hamda islohot va erkinlik targ’ibotiga ham e’tibor qaratmoqda, deydi diplomat.

Obama ma’muriyati Afg’oniston deb Markaziy Osiyo ahlining haq-huquqlari va demokratik harakatlarga ko’z yumayotganlikda, ularni o’z manfaatlari yo’lida qurbon qilganlikda ayblanadi.

Amerikaga erkinlik va oshkoralik elchisi deb qaragan odamlar bugun uni lo’ttibozlikda, befarqlik va ikkiyuzlama siyosatda qoralaydi. Robert Bleyk deydiki, Vashingtonga nisbatan bunday tanqid o’rinsiz.

“Biz erkinlikni targ’ib qilishda davom etamiz. Region rahbarlari bilan inson huquqlari, demokratiya talabi, adolatli boshqaruv, fuqaro jamiyati singari muhim masalalar haqida ochiq gaplashamiz va shunday qilib kelayapmiz ham”,- dedi diplomat, yaqinda AQSh poytaxtida o'tgan muloqotda.

Jamiyat olg’a siljishi va osuda yashashi uchun erkinlik eng muhim talablardan biri, deya eslatadi AQSh Davlat kotibi muovini.

Ammo kuzatuvchilar, xususan huquq faollari va xalqaro tashkilotlar nazarida Obama ma'muriyati gap bilan cheklanmoqda xolos, amalda vaziyatni yaxshilash uchun konkret chora ko'rmayapti.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG