Karimovning vafot etgani haqidagi xabarlar rad etildi


Islom Karimov

Islom Karimov

So'nggi xabarlarga ko'ra, insultga uchragan Islom Karimov reanimatsiya bo'limida qolmoqda. Uning sog'lig'i barqaror holatda va yaqin 10 kun ichida prezident sog'lig'iga doir yakuniy xulosa bildiriladi, deya xabar beradi Toshkendagi manbalar.

Karimov vafot etgani haqida ayrim internet nashrlarida paydo bo'lgan xabarlar hukumatdagi manbalar tomonidan inkor qilindi. Karimov tirik qolishi yoki qolmasligidan qat'i nazar davlat rahbari o'z faoliyatini ortiq bajara olmaydi, degan qarash kuchli.

Bunday paytda konstitutsiyaviy qoida kuchga kirib, davlat rahbarligi vaqtincha Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshevga yuklatilishi, so'ng uch oy muhlat ichida prezident saylovlari o'tkazilishi kerak.

Toshkentlik jurnalist Yuriy Chernogayev prezident yaqinidagi manbalarga tayangan holda, Islom Karimov hayoti asosiy xavfdan o'tganini, Karimov vafoti haqida matbuotda paydo bo'lgan xabarlar asossiz ekanini ta'kidlamoqda.

“Shifokorlarning aytishicha, masala u (Karimov) o'ladimi, qoladimi, qabilida turgani yo'q, u aniq yashaydi, ammo u o'zining prezidentlik vakolatini bajarishga qanchalik qodir bo'ladi, bu savol ostida. Bunga eng kami bilan 10 kun ichida javob berilishi mumkin yoki bu yanada ko'proq vaqt oladi. Karimov aniq yashashi haqidagi mening fikrim, to'shakdagi Karimovga tibbiy ko'mak ko'rsatayotgan mutaxassislar bilan bo'lgan bevosita suhbatga asoslangan. Albatta, shifokorlar bu haqda aniq bir fikr aytishdan yiroq, lekin ular o'z bemorlari hayoti haqida gapirishdan qo'rqishmayotgani va boshqa turli ishoralar O'zbekiston prezidentining hayoti xavf ostida emasligiga to'liq asos beradi. Faqat uning keyinchalik o'z faoliyatini davom ettirishga qanchalik qodirligi savol ostida qolmoqda”, - deydi Yuriy Chernogayev.

Rossiyada joylashgan Fergananews.com axborot agentligi esa 29-avgust kuni oqshom Prezident Islom Karimov insultdan so'ng shu kuni kechga yaqin vafot etgani haqida xabar tarqatdi. Nashrning bosh muharriri Daniil Kislov Karimovning vafoti haqida Toshkentdagi ishonchli manba xabar berganligini aytadi.

“Men shuni aytishim mumkin, Islom Karimovning vafot etgani haqidagi xabarni biz 29-avgust kuni oldik, ya'ni u o'lganidan yarim soat o'tganidan so'ng xabar bizga yetib keldi. Biz professional nashrmiz, mish-mishlarga asoslangan dezinformatsiya tarqatmaymiz. Agar diqqat qilgan bo'lsangiz, bizni Karimov insultga uchragani haqidagi xabarimiz ham faqat keyinchalik rasman tasdiqlandi. U (Karimov) 29-avgust kuni soat 15:35 da vafot etgan, bu fakt. Ammo bu xabarni bizga yetkazgan manbalar haqida hech narsa deyolmayman, bu bizning professoinal sirimiz”, - deydi Kislov.

Fergananews.com nashridagi bu xabar keyinchalik rasmiy Toshkent tomonidan inkor etildi. Moskva rasmiylari ham Karimovning vafotini tasdiqlovchi ma'lumotlar yo'qligini aytib chiqishdi.

Chernogayevga ko'ra, internetda Islom Karimovning vafot etgani haqida paydo bo'lgan xabarlar Toshkentda jamoatchilik orasida ham tarqalgan, lekin bu xabarlarga hamma ham ishonayotgani yo'q.

“Men ham Rossiya matbuotida berilayotgan bu xabarlarni o'qiyapman, lekin u yoqdagi hamkasblarimiz ancha shoshilishganga o'xshashadi ”, - deydi u.

Daniil Kislov fikricha, o'zbek rasmiylari prezidentning vafotini jamoatchilikdan yashirishmoqda, bu noaniqlikka barham berilishi uchun Karimov jamoatchilikka ko'rsatilishi kerak.

Islom Karimov shifoxonaga joylashtirilgani haqidagi ma'lumotlar dastlab 28-avgust kuni paydo bo'ldi, keyinchalik prezidentning salomatligi yuzasidan Vazirlar Mahkmasi maxsus axborot tarqatdi.

29-avgust kuni prezidenting qizi Lola Karimova otasi miyaga qon quyilishi tashxisi bilan reanimatsiyaga yotqizilganini, uning salomatligi yuzasidan xulosa qilishga hali erta ekanligini ma'lum qildi.

Islom Karimovning miyaga qon quyilishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilganiga bugun to'rt kun to'ldi. Shundan beri hukumat davlat rahbarining sog'ligiga oid qo'shimcha ma'lumot taqdim etgani yo'q.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG