Breaking News

O'zbekiston ahli: Karimov haqiqatdan ham vafot etdimi? Hukumat jim


G'arb axborot vositalariga ko'ra, O`zbekiston Prezidenti Islom Karimov o`lgan. Turkiya hukumati rahbari O`zbekiston xalqiga Karimov vafoti munosabati bilan o`z ta`ziyasini bildirdi. O`zbekiston hukumati bu haqda hanuz ma'lumot bergani yo'q.

O`zbekistonni 27 yil davomida boshqarib kelgan Islom Karimov 78 yoshda insultni boshdan kechirishi oqibatida vafot etdi. Uning dafn marosimi o`zi tug`ilgan shahar Samarqandda 3-sentabr kuni o`tishi kutilmoqda.

O`zbekiston hukumati Karimovning vafot etganligi haqidagi xabarni tez orada e`lon qilishi kutilmoqda. Vazirlar Mahkamasining so`nggi axboroti esa prezidentning sog`lig`i keskin og`irlashgani haqida edi.

"Reyters"ning Karimov vafot etganiga oid axboroti, Turkiya hukumatining shu munosabat bilan ta`ziya bildirishi ham Vazirlar Mahkamasi Karimov sog`lig`i birdaniga keskin og`irlashgani haqida xabar berishi ortidan kuzatilmoqda.

Islom Karimov tug`ilgan shahri Samarqandda dafn qilinishi kutilmoqda. Ayni paytda Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi hukumat rasmiylari Samarqandda. Shaharda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, obodonlashtirish va dafn marosimiga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

“Ozodlik” xabariga ko`ra, Karimov o`z yaqinlari ko`milgan Shohi Zinda majmuasi yaqinidagi qabristonga qo`yilishi mumkin. Hozirda zudlik bilan Karimov uchun maxsus maqbara tiklanayotgani haqida xabarlar bor.

Butun dunyo bo`ylab Islom Karimov vafot etgani haqida xabarlar tarqagan bir paytda O`zbekiston hukumati uning o`limini e`lon qilishga jazm etmayotgani munozaralarga sabab bo'lmoqda.

Toshkentda odamlar Karimovning o`lgani haqidagi xabarni bilvosita eshitishayotgani aytiladi, ijtimoiy tarmoqda faol o`zbekistonliklarning aksariyati esa hukumat tasdig`isiz ham Karimovning o`lgani, shuningdek uning Samarqandda dafn etilishidan xabardor bo`lishgan.

Toshkentlik jurnalist Sid Yanishevga ko`ra, poytaxtliklarning aksariyati Karimov salomatligiga oid vaziyat yuzasidan o`zaro imi-jimida gaplashishmoqda

“Hozircha mamlakatda motam kayfiyati seziladi deyish qiyiin, ko`p joylarda hali bayroqlar tushirilmagan. Vazirlar Mahkamasining Karimov sog`lig`i jiddiy yomonlashgani haqidagi so`nggi axborotidan boshqa xabar kuzatilganicha yo`q. Odamlar esa faqat o`zaro suhbatda bu haqda shivirlab gaplashishayapti, shunda ham uning kasalligi haqida”, - deydi u.

“Sputnik” agentligi tarqatgan xabarga ko`ra, O`zbekiston televideniyesi dasturlarida o`zgarishlar qilinmoqda, efirdan ko`ngilochar dasturlar, seriallar olib tashlangan. Matbuotdagi ayrim xabarlarda yozilishicha, dafn marosimiga hozirlik ko`rilayotgan Samarqandda aholi Karimovning jasadi olib kelinishini kutib turibdi.

Bir qator davlat rahbarlari 3-sentabr kuni dafn marosimi uchun O`zbekistonga kelishayotgani haqida ham xabarlar tarqagan.

Jumladan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, qo`shni davlatlar prezidentlari Imomali Rahmon, Nursulton Nazarboyev, Qirg`iziston Bosh vaziri, shuningdek, AQSh Davlat kotibi marosimda ishtirok etishi mumkinligi haqida tasdiqlanmagan ma`lumotlar bor.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG