Karimov: iqtisodiy mustaqilliksiz siyosiy mustaqillik bo'lmaydi

  • Amerika Ovozi

Shanxay, 20-may, 2014

Shanxay, 20-may, 2014

O’zbekiston rahbari Islom Karimov fikricha Rossiya, Qozog’iston va Belarus orasidagi Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi davlatlarning suverenitetiga tahdiddir.

O’zbekiston rahbari Islom Karimov fikricha 29-may kuni Ostonada uch davlat – Rossiya, Qozog’iston va Belarus orasida Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqini yaratish to’g’risidagi hujjat aslida davlatlarning mustaqilligiga tahdiddir.

Bu kelishuv siyosiy jihatdan mamlakatlarni erkinlikdan ayiradi, deya fikr bildirdi Karimov kecha Toshkentda o’tgan xalqaro anjumanda.

Ushbu xabarni O’zbekistonda faoliyat yuritishga ruxsat berilgan oz sonli xalqaro axborot vositalaridan biri, Fransiya axborot agentligi, tarqatdi.

Agentlikning yoritishicha, Karimov jumladan shunday degan:

“Bu faqat iqtisodiy ittifoq bo’ladi deyishayapti. Suverenitet va mustaqillikka raxna solinmaydi, deyishayapti… Lekin, aytingchi menga, iqtisodiy mustaqilliksiz siyosiy mustaqil bo’ladimi?”

Karimov oziq-ovqat ta’minoti va xavfsizligi xususida o’tgan konferensiyada diplomatlar, chet ellik mutaxassislar va sarmoyadorlar oldida gapirgan.

O’zbekiston prezidenti o’z siyosatini yoqlab, Sovet davrida planlashtirish qo’mitasida ishlagani, shuningdek, moliya vaziri bo’lgani va shu tajribaga asoslanib, rejali-taqsimot tizimini ich-ichidan bilganini da’vo qilgan.

Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga Qirg’iziston va Armaniston ham kirishi kutilmoqda. Blok kelasi yildan ishlay boshlaydi.

O’zbekiston rahbariyati bu ittifoqqa boshidan qarshi bo’lgan.

Bugungi kunda respublika o’zini-o’zi yetarli oziq-ovqat bilan ta’minlay oladi, deydi rasmiylar.

Toshkentdagi anjumanda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi agentligi bosh direktori Joze Graziano da Silva ham so’zga chiqib, O’zbekistonni mintaqaviy integratsiyaga chaqirgan.

“Globalizatsiya davrida biror davlat oziq-ovqatni bir o’zi ta’minlay olmaydi”,- deydi da Silva.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG