Breaking News

O'zbekiston: Hokimni yangilash bilan boshqaruv yaxshilanadimi?


Vaziyatni yaqindan kuzatib turgan fuqarolar esa bugungi O’zbekiston yakkahokimlikka asoslangan, buyruqboz va huquqbuzar bir tuzum ostida ekanini uqtiradi.
Vaziyatni yaqindan kuzatib turgan fuqarolar esa bugungi O’zbekiston yakkahokimlikka asoslangan, buyruqboz va huquqbuzar bir tuzum ostida ekanini uqtiradi.

O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov Toshkent viloyati hokimini ishdan olar ekan, uni zo’ravonlikka asoslangan ish uslubida aybladi. Ammo kuzatuvchilarga ko'ra, aslida bu tanqid mavjud boshqaruv tizimini aks ettiradi.

Militsiya generali Ahmadjon Usmonov 2013-yilda Toshkent viloyatiga tayinlanishidan oldin yetti yil davomida Andijon viloyati hokimi edi.

Usmonov tanish-bilishchilik, zulm va uyushgan jinoyatchilik chuqur ildiz otgan tizim boshida turgan shaxs deya qoralandi.

Usmonov senatorlik maqomidan ham mahrum qilindi va unga nisbatan jinoiy ish ochilishi ehtimoli yaqin.

Andijon fojiasidan keyin yurtga tanilgan Usmonov siyosiy boshqaruvdagi istiqbolli kadrlardan biri sifatida baholangan edi.

Biroq omma orasida Usmonov Andijonda ham, Toshkent viloyatida ham shavqatsiz hokim degan nom olgan. Nega aynan hozir quladi? 10 yildan beri rahbariyat qayoqqa qarayotgan edi? Qolaversa, O’zbekistonda hokimlarning mushtumzo’rlik, haqorot va tazyiqlarga asoslangan ish uslubi yangilik emas.

Karimov Usmonovni nomaqbul ish uslubida ayblab, nima demoqchi? O’zbekistonda yangicha dunyoqarash shakllanayotganidan darakmi bu?

Toshkent viloyatining yangi hokimi Sodiq Abdullayev oshkora ishlaydigan, madaniyatli arbob deya ta’riflanmoqda. Lekin odamlar uni maqtashga shoshmayapti. Yangi tayinlaganida har bir arbob o’ziga yarasha umid uyg’otadi.

Abdulla Tojiboy o’g’li siyosiy va inson huquqlari uchun bir necha yillardan buyon hukumat idoralari bilan tortishib keladi.

Prezident tanqidini eshitdik, ammo gap kadrlarda emas, tuzumda, deydi u.

“Nazarimda, bu qilinayotgan ishlar, Karimovning tanqidlari, hokimlarni yangilariga o’zgartirishi, hech qanday natija bermaydi, toki tuzum o’zgarmaguncha. Chunki, tuzumning o’zi boshidan chirib bo’lgan. Bitta hokimni o’zgartirilishi hech narsani hal qilmaydi. Boshqasi keladi, yana davlat, hukumat tomonidan qo’yilgan vazifalarni bajara olmaydi va oxir-oqibat u ham tanqidga uchrab, ishdan olinadi”, - deydi Tojiboyog`li.

Karimov Toshkent viloyati hokimiyatida so’zlaganida avlodlar almashayotgani, mamlakatda tadbirokorlikni rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligi haqida gapirdi.

Abdulla Tojiboyo’g’li deydiki, haqiqatdan ham mamlakat imkoniyatlarga bor lekin ular hamma uchun emas. Har qanday zaxira tor doiralar tomonidan o’zlashtirib olingan.

“Ayrim tadbirkorlar qatlami uchun imkoniyatlar bor, ammo bu qatlam asosan hukumat atrofidagi odamlardan iborat. Ularning imkoniyati katta. Masalan bankdan kredit olish uchun, xorijdan olinayotgan texnologiyalar uchun valyuta olishda yoki boshqa jihatlarda oddiy tadbirkorlar uchun imkoniyatlar juda kam”, - deydi Abdulla Tojiboyo`g`li.

Islom Karimov birinchi bor hokimlar faoliyatini tanqid ostida olayotgani yo’q. O’tgan yili Namangan viloyati hokimini yangilaganida ham prezident uni yulg’uchlikda ayblab, ishonchni oqlamadi, yangicha yondashuv zarur, tashabbuskorlar kerak, deb chiqqan edi.

Vaziyatni yaqindan kuzatib turgan fuqarolar esa bugungi O’zbekiston yakkahokimlikka asoslangan, buyruqboz va huquqbuzar bir tuzum ostida ekanini uqtiradi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG