Breaking News

Karimov, Nazarboyev Ostonada nima haqda gaplashadi?


Almati yaqinidagi dam olish maskanida. 6-yanvar, 2001-yil.
Almati yaqinidagi dam olish maskanida. 6-yanvar, 2001-yil.

O'zbekiston va Qozog'iston rahbarlari 25-noyabr kuni Ostonada uchrashishi kutilayapti. Keksa liderlar aynan nima haqda gaplashib oladi?

Karimov, Nazarboyev Ostonada nima haqda gaplashadi? - Malik Mansur lavhasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:56 0:00

Prezidentlar Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev muloqotida asosiy mavzular Ukraina inqirozi va Rossiya siyosati hamda va uning mintaqaga ta'siri bo'lishi kutilmoqda.

Qozog'istonning Toshkentdagi elchisi Bo'riboy Jeksenbi yaqinda matbuotga bergan intervuysida “ikki qardosh davlat prezidentlari xalqaro va mintaqaviy darajadagi muammolarni batafsil muhokama qilishadi”,- deb aytdi.

Nazarboyev yaqinda xalqiga murojaat qilib, global maydondagi o'zgarishlardan xavotir bildirgan va ommani ogohlikka undagan.

Qozog'iston rahbari deydiki, jahon murakkab davrlar bo'sag'asida, dunyo siyosiy tizimidagi jiddiy siljishlar mamlakatni chetlab o'tmaydi.

Moskva Qrimni tortib olishi, rossiyaparast ayirmachilar Ukraina sharqida boshlagan kurash Qozog'istonda ham qo'rquvni kuchaytirdi. Qozog'iston Qrim anneksiyasini qo'llagan davlatlardan bo'lishiga qaramasdan Moskva va Ostona siyosiy doiralarida kuzatilgan taranglik, bayonotlar bevosita Ukraina mojarosidan kelib chiqadi.

Moskvadagi ayrim siyosatdonlar Qozog'iston shimoliy viloyatlariga ko'z tikayotgani Rossiya bilan siyosiy ittifoqqa kirgan Nazarboyevga nisbatan ichki e'tirozlarni kuchaytirgan. Qozoq muxolifati nazarida Nazarboyev Vladimir Putin qaramog'idagi irodasiz rahbar.

“Rossiya hamisha Nazarboyevga o'z dushmanlari - muxolifatga qarshi kurashda yordamlashib keldi. Bu munosabatlar hozir Qozog'iston o'z mustaqilligini boy berish darajasiga yetdi. Muxolifat Yevrosiyo Ittifoqiga qo'shilishga keskin qarshi chiqdi. Chunki Qozog'iston bungacha ham Rossiyaga tobe edi, Nazarboyev Putinning ishorasisiz biror qaror qabul qilmasdi. Bitim imzolanishi bilan Nazarboyev Putinga yanada yaqinlashdi. Rosssiyaning ajralmas bir qismiga aylanib bormoqda”, - deydi oppozitsiya vakili Aydos Sodiqov.

Tahlilchilar Nazarboyevning xalqqa yo'llagan murojaatida 2015-yildan boshlab mamlakat Yevrosiyo Ittifoqida faoliyat yuritishiga doir biror fikr yo'qligiga e'tibor qaratishadi. Aksincha, murojaatda Ukraina mojarosi bois yuzaga kelgan sanksiyalar mamlakat iqtisodi cho'kishiga xizmat qilishi haqida ishoralar bor.

Ukraina yaxlitligini yoqlagan, Rossiyadan uzoqroq yurgan Islom Karimov bilan Ostonada kutilayotgan muzokara mintaqa xavfsizligi asosiy o'ringa chiqayotgani bilan muhim ko'riladi. O'zbekiston rasmiy axborot vositalarida Karimovning tashrifiga doir ma'lumotlar hozircha yo'q. Ammo Markaziy Osiyo Ukraina inqirozidan xulosa chiqarishi lozimligi haqidagi chaqiriqlar anchadan buyon O'zbekistonda ham, Qozog'istonda ham yangrab kelmoqda.

“Rossiya endi rusiyzabonlar manfaatini himoya qilish siyosatini Qrimdagi kabi himoya qilmasa kerak. Qanday bo'lmasin baribir Rossiya bilan munosabatlar davom etishi kerak. Lekin shu bilan birga hozirgi vaziyat, Ukraina inqirozi Markaziy Osiyo davlatlari uchun o'z ovozi, irodasi, mintaqaviy siyosati bor ekanini ko'rsatish uchun yangi sabablarni yuzaga chiqardi. Mintaqaning o'z yaxlit hududi bor, shu hududdagi siyosiy jarayonlarni kuchaytirish kerak”, - deya mulohaza yuritadi Toshkentdan siyosatshunos Farxod Tolipov.

Karimov va Nazarboyev Ostonadagi muzokaralar natijasida iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashdan tashqari, geosiyosiy o'zgarishlar yuzasidan qanday xulosaga kelishi noma'lum.

Dekabr oyida Rossiya prezidenti Toshkentga borishni rejalagan. Putin Moskvada O'zbekiston elchisidan ishonch yorlig'ini qabul qilayotib yaqinlashayotgan tashrifi haqida gapirgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG