Breaking News

Karimov, Nazarboyev: Bir-birimizga tayanchmiz


Ostona, 25-noyabr, 2014
Ostona, 25-noyabr, 2014

Qozog'iston poytaxti Ostonada uchrashgan Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev Ukraina, Afg'oniston, Suriya va Iroqdagi ahvolni muhokama qilgan. Karimovning aytishicha, uzoq va yaqindagi vaziyatning taranglashib borayotgani O'zbekiston va Qozog'iston rahbarlarini jipslashishga undamoqda.

Karimov, Nazarboyev: Bir-birimizni mutlaqo qo'llab-quvvatlaymiz - Malik Mansur lavhasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:13 0:00

Karimov Qozog'istondagi uchrashuvda ikki davlat imzolagan strategik sheriklik bitimiga ahamiyat qaratgan.

Uning so'zlariga ko'ra, o'tgan yilda imzolangan bitim dastlab uning uchun unchalik e'tiborli bo'lmagan, ammo bugungi davr strategik sheriklik haqidagi bitimning qanchalik muhim ekanini ko'rsatmoqda. Karimovning aytishicha, hujjatning o'z vaqtida qabul qilinishi Nazarboyevning uzoqni ko'ra biladigan siyosatchi ekanligi bois amalga oshgan.

“Bizning atrofimizdagi, bizdan uzoqda bo'lgan vaziyat qanchalik keskinlashib borar ekan, biz ham o'z istiqbolimizni aniqlashtirish, davr shiddatini ilg'ash, harakatlarimizni muvofiqlashtirish uchun shunchalik tez-tez uchrashib turishimiz kerak deb hisoblaymiz. Bu borada mulaqo bir-birimizni qo'llab-quvvatlaymiz”, - dedi Karimov Ostonada.

Uningcha, dunyodagi vaziyat avvalroq hatto tasavvur qilish qiyin bo'lgan darajada shiddat bilan o'zgarib bormoqda.

“Deyarli barcha kuzatuvchilar, ekspertlar avval hayratlanarli tuyulgan voqealar sodir bo'layotganini ta'kidlashmoqda. Birinchi navbatda, bu tobora keskinlashib borayotgan qarama-qarshiliklar. Bunday vaziyatda albatta har qanday davlat o'ziga tayanch qidiradi, o'z rejalarini belgilashda hamisha yaqin, yaxshi-yomon kunlarida birga bo'lgan qo'shnilariga suyanadi”, - dedi Karimov.

Mintaqada barqarorlik ikki davlat munosabatlariga bog'liqligini ta'kidlagan Nazarboyev O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasidagi iqtisodiy aloqalarni, savdo mahsuloti turlarini kengaytirish taklifi bilan chiqqan.

“O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasida biror bir yechilmagan muammolar yo'q, agar bo'lsa ham biz ularni tezda bartaraf qilamiz. Hozirgi muzokaralarimiz butun Qozog'iston diqqatida turibdi, chunki mintaqamizdagi barqarorlik, taraqqiyot ikki davlat pozitsiyasiga, o'zaro ishlashiga bog'liq”, - dedi Nazarboyev.

Rahbarlar uchrashuvda xalqaro miqyosda dolzarb turgan muammolar, jumladan, Ukraina, Afg'oniston, Suriya va Iroqdagi vaziyat muhokama qilinganini, tomonlar xalqaro maydonda bir-birlarini qo'llab-quvvatlashga kelishib olganini ta'kidlagan.

Muzokara Markaziy Osiyoda ham xavotir bilan qabul qilingan Ukraina mojarosidan so'ng birinchi bor o'tmoqda. Avvalroq Nazarboyev dunyo arxitekturasida o'zgarishlar kutilayotgani haqidagi murojaat bilan chiqqan edi.

Karimovning Qozog'istonga safari davomida mintaqa suvidan foydalanish masalasi ham muhokama qilingan, tomonlar bu borada hamfikr ekanliklarini ta'kidlashgan.

Rasmiy uchrashuvlarda hamkorlikka oid biror yangi loyihalar haqida ma'lumot yo'q. Karimovning ikki kunlik tashrifi seshanba, 25-noyabr kuni yakunlandi.

O'zbekiston-Qozog'iston muzokaralari, Ostona, 25-noyabr, 2014
O'zbekiston-Qozog'iston muzokaralari, Ostona, 25-noyabr, 2014
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG