Konstitusiya kuni munosabati bilan prezident gapirdi, muxolifat quvildi


O’zbekistonda Konstitutsiya kuni, bir tomondan, prezidentning siyosiy islohotlar haqidagi va'dalari, boshqa tomondan esa uzviy huquqlardan foydalanishga uringan muxolifatni tazyiqqa olish bilan kuzatildi.


Islom Karimov bosh qomusning 21 yilligi munosabati bilan ma'ruza qilib, parlament vakolatlarini kengaytirishga, partiyalarning liderlarini prezidentlik uchun kurashishga chaqirdi. U davlat organlari ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga ham undadi. Muxolifatning Konstitutsiya kunidagi tadbiri esa qatnashchilar hibsga olinishi bilan yakunlandi.

Oppozitsiya vakillari bu da'vatlarni navbatdagi nayrang deb qabul qiladi.

“Bu bayonotga sira ajablanmaslik kerak, bu saylovlar oldidan rejalangan navbatdagi spektakldan boshqa narsa emas. Bizda doim qog’ozda hammasi yaxshi bo’lgan - oshkoralik, so’z erkinli, islohotlar. Bu hammasi qog’ozda, avvaldan davom etayotgan o’yinning davomi, xolos”, - deydi muxolifatdagi “Birdamlik” harakatining O’zbekistondagi rahbari Malohat Eshonqulova.

Konstitutsiya kuni munosabati bilan yangragan chaqiriqdan farqli, faollarga nisbatan tazyiqlar tinmagan. “Birdamlik” vakillarining Toshkentdagi yig'ini bir misol:

“5-dekabrdan 8-dekarbgacha poytaxtdagi Oloy bozorida Konstitutsiya kuni munosabati bilan targ’ibot kampaniyasini o’tkazishni rejalagan edik. Maqsadimiz konstitutsiya kuni munosabati bilan suratga tushish, qomus nusxalarini tarqatish edi. Ammo targ’ibotni boshlashimiz bilanoq fuqarolik kiyimidagi odamlar kelib hammamizni har yoqqa olib ketishdi. 8-dekabr kuni davom etgan tadbirda ham keskin kuch ishlatish bilan ishtirokchilardan ayrimlarining qo’llarini qayirib, militsiya bo’limiga olib ketishdi. Shu kuni meni ham kechgacha ushlab o’tirishdi, oqshom esa shahar chekkasidagi bir qabriston yaqiniga tashlab ketishdi”, - deydi Eshonqulova.

Har yili 8-dekabr kuni prezident, an'anaga ko’ra, islohotlar, rivojlanish bosqichi va huquqlar xususida so'zlaydi.

Karimov bu safargi chiqishida 2014-yilni “Sog’lom bola” yili deb e’lon qildi.

Prezident kelayotgan yilning oxirida o'tadigan Oliy Majlisga saylovlar oldidan siyosiy partiyalar faoliyatini jonlantirish kerak degan qabilda nutq qildi.

Konstitutsiyaga ko’ra, O'zbekiston inson huquqlari va erkinliklarni kafolatlovchi demokratik boshqaruvga ega davlat.

Ammo 23 yildirki prezidentlikda qolayotgan Karimovning o'zi bosh qomusni buzib kelmoqda, deydi norozi fuqarolar. Avtoritar tuzum hukmron ekan, konstitutsiyada kafolatlagan erkinliklar, jumladan, inson huquqlari va so’z erkinligi doimiy ta'qib ostida.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG