Breaking News

Karimovdan keyingi O'zbekiston: rejim o'zgaradimi?


Islom Karimov
Islom Karimov

Miyaga qon quyilishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov jonlantirish bo`limida qolmoqda. Bu haqda uning qizi Lola Karimova ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali ma`lum qilgan. Bir kun avval Karimovning sog`lig`i yomonlashgani haqida xabar bergan O`zbekiston hukumati hozircha sukutda. Faollar fikricha, shu yaqin kunlarda davlat rahbarligiga doir vaziyatga oydinlik kiritilishi kutilmoqda.

Qonunchilikka ko`ra, davlat rahbari o`z vazifasini bajara olmay qolgan taqdirda bu ish vaqtincha Senat raisiga yuklanadi. Mamlakat prezidenti salomatligi mavhum qolar ekan, jamoatchilikda Karimovdan keyingi O`zbekiston taqdiri yuzasidan munozaralar kuchaygan.

O`zbekiston rahbari sog`lig`iga doir xabarning davlat matbuotida berilishi 78 yoshli Karimovning chorak asrlik boshqaruvi tarixida birinchi bor kuzatildi. Shu bois bu xabar jamoatchilikda jiddiy siyosiy munozara qo`zg`agan.

Kasallikning ochiqlanishi 31-avgust kuni kutilayotgan mustaqillik bayramida Karimov ishtirok eta olmasligi ayonlashgani bilan bog`liq ko`riladi.

Karimov sog`lig`ining tiklanishi muayyan vaqt talab etishi haqidagi hukumat axborotidan bir kun o'tib, 29-avgust kuni Lola Karimova ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida otasi shanba kuni miyaga qon quyilishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgani, jonlantirish bo`limida qolayotgan Karimovning so`g`lig`i yuzasidan biron narsa deyishga hali ertaligini ma`lum qildi.

Asli kasbi shifokor bo`lgan o`zbek muxolifati faollaridan biri Namoz Normo`minning aytishicha, Karimov tashxisining ochiqlanishi vaziyatni yanada mavhum qiladi.

“Bu insultining darajasiga bog`liq, ya'ni komadan chiqadimi yoki yo`qmi. Hozir u sun'iy nafas oldirish uskunasiga ulangan, komadan chiqish muddati esa turlicha bo`ladi. 10 kun bo`lishi mumkin, masalan, Isroilning avvalgi bosh vaziri Ariel Sharon yillar davomida koma holatida yotgan edi miyasiga qon quyilib, insult bo`lib. Ammo masala faqatgina Karimovning sog`lig`iga bog`liq emas, gap O`zbekistonning siyosiy taqdiri masalasida ketmoqda”, - deydi u.

Toshkentlik faol Surat Ikromov davlat matbuotida Karimov salomatligi haqida birinchi bor xabar tarqalishi ko`pchilikda shubhani kuchaytirgan.

“Bu gal axborotning ochiq berilgani ko`pchilikni o`ylantirib qo`ygan, bir narsa bo`lgan deb. Toshkentda shu bois turli mish-mishlar, lekin baribir ko`pchilik o`zining tirikchiligi bilan band. Maktab yaqinlashayapti mana, bozorlar har doimgidek ishlab turibdi. Men unaqa kuyib yurgan odamlarni ham ko`p uchratmadim. Ayrimlar tirikmi, deb so`raydi, ayrimlar o`zi yoshi bir joyga borib qolgan edi deb aytayapti. Men ham buni tabiiy qabul qildim, har holda 80 ga yaqinlashib qolgan, hamma narsani kutsa bo`ladi", - deydi Ikromov.

Islom Karimovning salomatligi yomonlashgani haqida avval ham xorijdagi matbuotda turli xabarlar berilgan, ammo O`zbekistonda davlat matbuoti jamoatchilikni prezident so`g`lig`idan ogoh etishi brinchi bor qayd etilmoqda. Bu rasmiy xabar Karimovdan keyingi voris, hokimiyat almashishiga doir O`zbekistondagi jarayonlar yuzasidan jiddiy munozaralar qo`zg`agan.

Munozara markazida O`zbekistondagi tizimning vaziyatga qanchalik tayyor ekanligi, Karimovdan keyin mamlakatda nimalar kutilayotgani haqidagi masalalar turibdi.

Sur'at Ikromov nazarida vaziyat jiddiy, ammo tahlikali emas, hukumatda davlat rahbari faoliyatiga doir tegishli komissiya ishlamoqda, yaqin kunlarda vaziyatga oydinlik kiritiladi.

“Mening nazarimda komissiya tuzilib, bu haqdagi axborotni jamoatchilikka ochiqlashni ham shu komissiya hal etgan. Axborot muallifi sifatida ham faqat Vazirlar Mahkamasi ko`rsatilayapti, birortasining imzosi yo`q. Vazirliklar, Senat va boshqa idoralardan yig`ilgan bir komissiya ishlayapti, bu komissiya shu 2-3 kunda davlat rahbarligiga doir vaziyatga oydinlik kiritadi. Agar Karimovning sog`lig`i og`ir qoladigan bo`lsa, kimnidir vaqtincha davlat rahbarligiga tavsiya etishadi”, - deydi Ikromov.

Namoz Normo`min fikricha, O`zbekistondagi tizim favqulodda yuz bergan bu hodisaga tayyor emas.

“Hozir rahbariyat shoshib qolgan, hamma narsani kutish mumkin. Qonunchilikka ko`ra, vaqtincha rahbar tayinlanib, uch oy muddatda saylov o`tkazilishi kerak. Ammo haqiqatda shunday bo`ladimi, buni aytish qiyin. So`nggi xabarlarda hokimiyatni Shavkat Mirziyoyev egallashi haqida taxminlar aytilmoqda, ammo bunisi ham mavhum. Hozirgacha O`zbekistonda mavjud bo`lgan barqarorlik haqida ham shunday deyish mumkin. Bularning hammasi shu yaqin kunlarda hal bo`lishi kerak, ya'ni sukut qancha uzaysa, xalqdagi mish-mish shuncha ko`payadi, vaziyat ham izdan chiqadi”, - deydi u.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan yozuvchi Safar Bekjon nazarida O`zbekistondagi tuzum favqulodda bu vaziyatga tayyor, Karimovdan keyin hukumatga kim kelishidan qat'i nazar, rejim ham, siyosat ham o`zgarmaydi.

“Islom Karimov yaratgan rejimni o`zgartiruvchi kuchning o`zi yo`q, hokimiyat almashgani bilan amaldagi rejim saqlanib qoladi. Qolaversa, G`arb ham, Rossiya ham bunday o`zgarishlardan manfaatdor emasga o`xshaydi. Ehtimol, tashqi siyosatda qandaydir kichik o`zgarishlar bo`lar, lekin ichki siyosatdagi rejim shundayligicha qoladi”, - deydi u.

78 yoshli Islom Karimov O`zbekistonni 1989-yildan buyon boshqarib keladi, hozirgacha uning salomatligi yuzasidan, jumladan, bir necha bor yurak xurujini boshdan kechirgani haqida tasdiqlanmagan xabarlar kuzatilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG