Breaking News

Karzay: “Islomiy davlat” - AQSh quroli


Afg’oniston sobiq prezidenti Hamid Karzay Rossiyaning Tolibon bilan aloqa o’rnatgani uchun tanqid qilinishini qoraladi. Unga ko’ra, “Islomiy davlat” terror guruhi Amerika uchun bir qurol vazifasini o’tayapti.

“Afg’onistonga tashlangan bomba ham Daishni yo’q qila olmadi”, - dedi Karzay o’tgan hafta “Islomiy davlat”ga qarshi qo’llangan “barcha bombalar onasi”ga ishora qilib.

“Daish ular uchun bir qurol deb bilaman, - dedi u Kobulda “Amerika Ovozi”ga bergan maxsus intervyusida. – Daish va Amerika o’rtasida farq ko’rmayapman”.

“Islomiy davlat” boshqarayotgan hududlar

Qo’shma Shtatlarning “Islomiy davlat”ga qarshi oxirgi ikki yilda olib borgan keskin kurashlariga qaramay, Vashingtonning harakatlari sust, dedi Karzay. Unga ko’ra, buni asoslovchi dalillar ko’p.

Karzay prezidentligi davrida Afg’on tuprog’ida avj olib borayotgan terrorizmning ildizini qirqish yo’lida AQSh bilan yaqin hamkorlik qilib kelgan.

Lekin oxirgi paytlarda ularning munosabatlarida jiddiy ziddiyatlar paydo bo’ldi. Karzay Afg’onistonda “barcha bombalar onasi”ning qo’llanishini keskin tanqid qildi va bunga yo’l qo’yib bergan Prezident Ashraf G’anini sotqinlikda aybladi.

“Amerika Afg’onistonga atom bombasi tashladi. “Barcha bombalar onasi” va atom bombasi o’rtasida hech qanday farq yo’q”, - deydi Karzay.

Ayni damda Tolibon va hukumat harbiylari mamlakatdagi yirik viloyatlarni talashyapti.

Rossiya bilan aloqalar

Moskva Afg’onistondagi “Islomiy davlat” qo’shni Markaziy Osiyo mamlakatlariga yoyilishiga yo’l qoymaslik va Afg’oniston bo’ylab o’z ta’sirini oshirish uchun Tolibon bilan aloqalarini kuchaytirib borar ekan, bu munosabatlar kuzatuvchilar diqqat markazida turibdi.

Rossiya harbiylarining aralashuvi Afg’on va AQSh rahbarlarini xavotirga solmoqda. E’tirozlarga ko’ra, Rossiya rasmiy Kobul kuchlari va boshqa guruhlarga qarshi kurashda Tolibonni orqavorotdan qo’llab-quvvatlamoqda.

Karzay “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bu da’volarni inkor etdi.

Sobiq prezident o’z faoliyatini yakunlaganidan beri Rossiya bilan yaqin aloqa o’rnatgan. 2015-yil Moskvaga qilgan safarida u Putinning Qrimni bosib olishini qo’llab-quvvatlagan edi.

“Rossiya Tolibon bilan muloqot qilyapti. AQSh ham Tolibon bilan aloqada. Norvegiya, Germaniya kabi davlatlar ham. Demak, Rossiya Tolibon bilan muzokaralar olib borishga to’la haqqi bor”, - deydi Karzay.

Matbuot xabarlariga ko’ra, 2016-yilning oktabrida kamida bir Amerika rasmiysi Afg’on hukumati va Tolibon o’rtasida o’tgan norasmiy uchrashuvlarning uchtasida qatnashgan.

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Mark Toner bu xabarlarga izoh bermagan, ammo Amerika Afg’onistondagi mojarolarni bartaraf qilish va tinchlik o’rnatish yo’lida murosa o’rnatilishini qo’llab-quvvatlashini bildirgan.

Tolibonni rasman tan olish kerakmi?

Oq Uyning Milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi MakMaster o’tgan hafta Kobulda Afg’oniston rahbarlari bilan bo’lgan uchrashuvda davlatlarni Tolibonning qonuniy maqom olishiga yetaklaydigan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.

Karzay esa Tolibonni bugungi Afg’onistonning katta haqiqati deb ataydi.

“Amerikaliklarning o’zi afg’on hududining 50 foizini toliblar boshqarib kelayotganini aytib turibdi. Mamlakatning yarmi ular qo’lida bo’lsa, ular bilan muloqot o’rnatishdan o’zga chora yo’q. Amerikaning o’z ham aloqada, ular AQShning Qatardagi idorasida uchrashishadi”, - dedi u.

Rossiya Tolibon bilan siyosiy aloqalarini tan oladi. Lekin Moskva Tolibon harbiylarini qurol-aslaha bilan ta’minlayotganini yoki harbiy tayyorgarlikdan o’tkazayotganini inkor etadi. Maqsad faqat tinchlik choralarini ko’rish, deydi rus rasmiylari.

Mintaqaviy yondashuv

Moskva o’tgan hafta Afg’oniston bo’yicha xalqaro “maslahatlashuv”ga mezbonlik qildi. Bir qator mamlakatlar jalb qilingan bu yig’ilishdan maqsad “mintaqaviy yondashuv” rejasini ishlab chiqish, deydi tashkilotchilar. Bunda afg’on xalqi xavfsizligi, hukumat bilan Tolibon yarashuvi va davlat boshqaruviga asoslangan tuzum yaratish ko’zda tutiladi.

Vashington bu yig’ilish ilk marotaba o’tkazilganida taklif qilinmagan edi. Rossiyaning bu harakatlari Vashingtonda shubha uyg’otdi va u navbatdagi anjumanga qatnashish taklifini rad etdi.

Karzayning aytishicha, AQShning Afg’onistonda tinchlik o’rnatish yo’lidagi harakatlari samimiy emas.

“Moskva mezbonlik qilgan yig’ilishda nega Amerika ishtirok etmadi? Nega endi Amerika hukumati Afg’onistondan kuchsiz delegatsiya borishini xohladi?” - deya so’roqqa tutadi Karzay.

Karzayga ko’ra, u 2008-yildan beri Amerika bo’yicha shubhalarini Putinga aytib kelgan, lekin Putin 2012-2013-yillargacha bu masalaga jiddiy yondashmagan.

“Lekin Qirg’izistondagi yig’ilishda bu haqda yana shikoyat qilganimda, Putin menga, bu gapda jon borga o’xshaydi, dedi”, - deb qo’shib qo’ydi Karzay.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG