Karzay Pokistonga borib, Tolibon haqida gaplashadi

  • Amerika Ovozi

Qurolini topshirgan o'nlab afg'on toliblari hukumat bilan murosa haqida gaplashmoqda.

Qurolini topshirgan o'nlab afg'on toliblari hukumat bilan murosa haqida gaplashmoqda.

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay kelasi hafta qo’shni Pokistonga borib, toliblar bilan tinchlik muloqotini tashkil qilishda yordam so’ramoqchi. Kobulning dushanbaga mo’ljallab turilgan bu uchrashuvdan umidi katta, deydi afg’on diplomatlari.


Afg’on rahbariyati qo’shni Pokistonni Tolibonga boshpana berganlikda ayblab, tanqid qiladi. Kobul nazarida Pokiston razvedkasi jangarilarning Afg’onistonda mahalliy armiya va koalitsiyaga hamlalarini ham qo’llab-quvvatlab keladi.

Prezident Hamid Karzay Pokiston hukumatidan jangari manzillarini yo’q qilib, Afg’onistonga hujumlarning oldini olishni so’rayapti. Uning xohishi shuki, Islomobod Tolibonga ta’sirini ishga solib, Afg’on oliy tinchlik kengashi bilan muzokara stoliga o’tirg’izsin. Siyosiy murosadan boshqa yo’l yo’q, deydi Karzay ma’muriyati.
Oxirgi yillarda iqtisodiy, savdo, ta’limiy, madaniy va sport bo’yicha aloqalar mustahkamlandi. Afg’on tomonining bildirishicha, tinchlik va xavfsizlik bobida hamkorlik oshmasa, boshqa sohalar oqsayveradi.

Muhammad Umar Dovudzoy - Kobulning Islomoboddagi elchisi.

“Bir jabhada hali ko’p ish qilishimiz kerak. U ham bo’lsa xavfsizlik. Muammolar to’lib yotibdi. Afg’oniston o’z shubhalarini, shikoyatlarini bildirmoqda va bu da’volar quruq gap-so’z emas. Afg’on yurti va xalqiga hujum qilayotgan toliblar, ekstremist kuchlar Pokistonda o’rnashib olgan, o’sha davlatdan quvvat olayapti. Buni isbotlovchi dalillar yetarli”, - deydi elchi Dovudzoy.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ayzaz Ahmad Chaudrining aytishicha, prezident Karzay tashrifi muhim ramziy ma’no kasb etadi. Ikki davlat o’zaro rishtalarni yaxshilamoqchi.

“Afg’oniston tinchlik va murosaga urg’u berayapti. Bu taklifni Pokiston iliq qarshi oldi. Mana shu kayfiyatni saqlab qolish uchun kuchimizni ayamaymiz”, - deydi Pokiston Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi.

Elchi Dovudzoy esa oxirgi bir yilda Pokistondan shu mazmunda ko’p bayonotlar yangradi, ammo amalda buning ijrosini ko’rmadik, deydi.

Pokistonda yangi bosh vazir Navoz Sharif ishga kirishar ekan, afg’on elchisi eski siyosat o’zgarishidan umidvor.

“Pokistonda hukumat yangilandi va bu rahbariyat avval boshdan Afg’onistonda tinchlik va stabillik uchun qo’ldan kelganini qilishga tayyormiz, degan. Prezident Karzay va Navoz Sharif hukumati ko’rishgach, so’z va amallar qanchalik mos ekani ayon bo’ladi”, - deydi Afg’oniston elchisi.

Kobul Pokiston qamoqlaridan barcha afg’on mahbuslari qo’yib yuborilishini talab qilmoqda. Gap, xususan, Tolibon sobiq qo’mondonlaridan Mulla Abdulg’ani Baradar haqida ketayapti. Bu shaxs afg’on mutasaddilari bilan murosa izlagan, bundan norozi Pokiston hukumati 2010-yilda uni ushlab, turmaga tashlagani aytiladi.

O’tgan yili Islomobod 26 tolibni qamoqdan qo’yib yuborgan edi. Afg’oniston elchisi Dovudzoy nazarida bu choraning tinchlikka foydasi ham, zarari ham bilinmadi. Pokiston tomoni kimni, qachon ozod qilgani haqida oldidan axborot bo’lishmadi va hozir bu shaxslar nima bilan bandligini bilmaymiz, deydi elchi. Islomobod bu shikoyatni inobatga olib, kelgusida barcha mahbuslar haqida ma’lumot uzatishga va’da bergan.

Pokiston tarafi shu yilning iyunida 20 dan oshiq tolibni Qatarga jo’natib, siyosiy idora ochishiga ko’maklashgan. Bu AQSh olg’a surgan tinchlik rejasining muhim bandi bo’lib, jangarilar o’z manzili, muzokaralar o’tkazish uchun o’z idorasiga ega bo’lishi kutilgan edi.

Biroq Tolibon vakolatxonasi atrofidagi darang-durung, Amerika va jangarilar bilan bevosita muloqot taklifi rasmiy Kobulning qonini qaynatdi. Karzay ma’muriyati afg’on hukumati yakkalab qo’yildi, deya tinchlik muzokaralarini boykot qildi.

Hamid Karzay kelasi hafta Pokistonga borib, yana oraga tushishni so’rashi kutilayapti. Tolibon bilan qayerda uchrashishning ahamiyati yo’q, deydi afg’on ma’murlari.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG