Karzay AQSh bilan xavfsizlik bitimi imzolamayotgani uchun tanqid ostida

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay Loya Jirg'a masjlini tark etmoqda, Kobul, 24-noyabr, 2013-yil

Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay Loya Jirg'a masjlini tark etmoqda, Kobul, 24-noyabr, 2013-yil

Afg’oniston va pokistonlik tahlilchilar fikriga ko’ra, agar Vashington va Kobul o’zaro xavfsizlik bitimini imkon qadar tez imzolamasa, mintaqani beqarorlik kutmoqda. Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay bu mas’uliyatni o’zidan keyin keladigan rahbarga yuklamoqchi. Vashington esa bahorgacha kuta olmaymiz, hujjat shu yili imzolanmasa, qo’shinlarni mamlakatdan butunlay olib chiqishga majbur bo’lamiz, deydi.

Prezident Karzayning tashabbusni qo’lga olmayotgani ko’plarni hayratga solmoqda. AQSh 2014-yildan so’ng Afg’onistonda askarlarini qoldirmasa, vaziyat izdan chiqishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

Kobuldagi “Hambastagi” siyosiy konsultativ guruh xodimi Mirvois Muqbilning aytishicha, Karzayning bu qarori ko’plarda tashvish uyg’otmoqda.

"Bu yanglish qadam. Afg’onistondagi siyosiy va ijtimoiy vaziyat uchun oqibati yomon bo’ladi", - deydi u.

Ikki davlat o’rtasidagi kelishilgan bitim loyihasiga ko’ra, kelasi yili Afg’onistondan barcha xalqaro qo’shinlar chiqqach, Qo’shma Shtatlar 10 ming sonli askarini qoldirib, mahalliy kuchlarga toliblarga qarshi kurashda yordam beradi.

Bundan tashqari, AQSh kelasi 10 yil davomida Afg’oniston politsiyasi va armiyasini moliyalash uchun milliardlab dollar ajratishi ham ko’zda tutilgan. Hujjat imzolanmasa, Kobul bu puldan ham quruq qolishi mumkin.

AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisi Syuzan Rays dushanba kuni Kobulda bo’lib, Karzay bilan bu masalada tortishgan. Ustiga-ustak afg’on rahbari yangi talablarni ham olg’a surgan. U AQSh qo’shinlarining afg’onlar uyiga bostirib kirmasligini kafolatlashni hamda Tolibon bilan to’xtab qolgan tinchlik muzokaralarini o’tkazishda yordam berishni so’ragan.

Karzay, shuningdek, Afg’onistonda kelasi yil 5-apreliga rejalangan prezident saylovlarini erkin va ochiq o’tkazishda ham AQShdan madad kutmoqda.

Pokistonlik siyosiy tahlilchi Rasul Baxsh Raisning aytishicha, Karzay Amerikaga boshqa chora qoldirmayapti. Qo’shma Shtatlar qo’shinlarini Afg’onistondan butunlay olib chiqsa, zo’ravonliklarga yo’l ochiladi, deydi Rais.

"Bitim imzolanmasa, Pokistonda ham jihodchi jangarilar faollashishi mumkin, shunda mojaro ancha keng tus oladi. Tolibon safida jang qilish uchun Pokistondan Afg’onistonga jangarilar oqimi oshadi. U yerda maqsadiga erishgach, ular Pokistonga qaytib kelib, bu davlatda ham jihodga kirishadi", - deydi ekspert.

O’tgan hafta Kobulda ikki mingga yaqin arbob Loya Jirg’a majlisida qatnashib, bitim loyihasini muhokama etgan va prezidentga uni darhol imzolashni tavsiya qilgan.

Ayrim kuzatuvchilar nazarida AQSh bilan xavfsizlik bitimini aholining bir qismi qo’llab-quvvatlamasligini yaxshi tushungan Karzay prezident saylovlarida o’ziga yaqin nomzodning ovoz yo’qotishini istamagani uchun hujjat imzolanishini bahorga qoldirgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG