Karzay: Afg’oniston o’zini mudofaa eta oladi

  • Amerika Ovozi

Prezident Hamid Karzay AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta (o'rtada) bilan

Prezident Hamid Karzay AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta (o'rtada) bilan

AQSh va Afg’oniston rahbarlari Barak Obama va Hamid Karzay bugun Oq uyda uchrashib, Afg’oniston kelajagi va u yerdagi harbiy maqsadlarni muhokama qiladi.

Amaldagi rejaga ko’ra, kelasi yil oxirida Amerika Afg’onistondan qariyb 70 ming sonli qo’shinini butunlay olib chiqadi. Ular bajarib kelgan vazifalar mahalliy armiyaga yuklanadi.

2014-yildan so’ng Afg’onistonda xorijiy askarlar qolish-qolmasligi hozircha ma’lum emas.

Prezident Hamid Karzay bilan uchrashgan AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta o’z xavfsizligini ta’minlash yo’lida Afg’oniston katta yo’lni bosib o’tganini ta’kidladi.

“Uzoq va mashaqqatli missiyaning oxirgi bosqichidamiz. Bu xalq endi o’z taqdirini o’z qo’liga olmoqda. Afg’oniston endi hech qachon terrorizm o’chog’iga aylanmasligi uchun ikki davlat birgalikda harakat qiladi”, - deydi Panetta.

Prezident Karzay, o’z navbatida, AQSh va boshqa davlatlarning ko’magi bilan Afg’oniston o’z xalqini va chegaralarini mudofaa eta olishiga ishonch, shuningdek, minnatdorchilik bildirmoqda.

Karzayning AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan muloqotida ko’tarilgan mavzular quyidagicha: xavfsizlik, iqtisodiy taraqqiyot, mintaqaviy integratsiya va shu yilning aprelida prezident saylovlariga tayyorgarlik.

Davlat departamenti rasmiysi Viktoriya Nulandning tasdiqlashicha, Tolibonnning murosaga moyil a’zolarini Karzay ma’muriyati bilan muzokaraga ko’ndirish bo’yicha harakatlar davom etayapti.

“So’nggi oylarda bu jabhada qator natijalarga erishildi, Pokiston ham tinchlik jarayoniga bosh qo’shmoqda”, - deydi rasmiy.

Afg’oniston konstitutsiyasiga muvofiq, yaqinlashayotgan prezident saylovlarida Hamid Karzay qatnasha olmaydi. U NATOning aholi o’limiga sabab bo’lgan operatsiyalarini qoralagan bo’lsada, chet el askarlaridan iborat kichik bir vzvod Afg’onistonda qolishiga umid bildirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG