Senator: Amerikada ayollar nimaga qodirlgini isbotlab bo'lgan

  • Amerika Ovozi

AQShning ayol senatorlari, 2000-yillar boshida olingan surat

AQShning ayol senatorlari, 2000-yillar boshida olingan surat

AQSh Senatining eng nufuzli ayol a’zosi, respublikachi Key Beyli Xatchison (Kay Bailey Hutchison) iste’foga chiqish niyatida. 2012 yilda qayta saylanish uchun harakat qilmoqchi emas.

Konservativ arbob bu lavozimga to’rt marta saylangan, deyarli chorak asrdan beri xalq xizmatida.

Senator Xatchison Texas shtatidagi yirik kompaniyalardan birida

Senator Xatchison Texas shtatidagi yirik kompaniyalardan birida

Xatchison xonim ona shtati Texasda ta’lim va sog’liqni saqlash sohalarini isloh qilgan. Xotin-qizlar manfaati uchun kurashib, ularni faollikka undab keladi.

Key Beyli Xatchison 1993 yilda Senatga saylanganida 100 o’rinli palatada atigi yetti ayol bor edi. Shundan beri deyarli chorak asr o’tdi.

Xatchison xonim siyosatga kirishidan avval bankir bo’lgan, keyinroq esa shtat xazinasini boshqargan.

49 yoshida Texas uni Vashingtonga Senatdagi ikki namoyandadan biri sifatida jo’natdi.

Bugun, deydi u, Amerika siyosiy maydonida xotin-qizlar katta kuchga ega.

“Men siyosatga qadam qo’ygan davrda ayollarga zaif fuqarolar sifatida qarashar edi. Ularning iqtidori, aqli va salohiyatini shubha ostiga olishar edi. Odamlar ishonchini qozonish oson emas edi. Bugun ayollarni katta vazifalarga saylash – tabiiy hol. Ular xalq nazarida to’laqonli, teng fuqaro",- deydi senator.

Senator Xatchison Respublikachilar partiyasi yulduzi

Senator Xatchison Respublikachilar partiyasi yulduzi

Xatchison xonim yoshligidan har sohada birinchi bo’lgan. Texas Universitetining yuridik fakultetini bitirgan birinchi ayol. Texas moliyasini boshqargan birinchi ayol.

“Key Beyli Xatchison hamisha oldinda yurgan ayol va boshqa ayollarni ham shunga undab keladi”,- deydi Jennifer Daffi, siyosiy tahlilchi.

Senator Xatchison NASA, AQSh fazo agentligining ishongan tog’i. Kosmik tadqiqotlarga strategik soha deb qaraydi. Qurolli kuchlar, chet eldagi urushlar bilan shug’ullanib keladi.

Senator: Amerikada ayollar nimaga qodirlgini isbotlab bo'lgan

Senator: Amerikada ayollar nimaga qodirlgini isbotlab bo'lgan

“Gap mening ayolligimda emas”,- deydi u, “men shu davlat fuqarosiman va ishimni bilaman”.

“Jinsni ro’kach qilmaslik kerak. Erkakmisan, ayolmisan, ishingni bil va uddala. O’z qarashlaringini tushuntira ol va xalqni unga ishontira ol. Odamlar senga ergashsin. Mamlakatni to’g’ri yo’lga soladigan g’oyalar haqida o’yla. Tenglik, kuch mana shunda”.

Demokrat senator Garri Rid yangi qonunni yozishda hamkorlik qilgani uchun Xatchison xonimga ta'zim qilmoqda

Demokrat senator Garri Rid yangi qonunni yozishda hamkorlik qilgani uchun Xatchison xonimga ta'zim qilmoqda

Key Beyli Xatchison Texasda qahramon, lekin mamlakat bo’ylab undan norozilar ko’p.

Saylov kampaniyalarida senatorni moliyaviy jihatdan yirik neft birlashmalari quvvatlab keladi. Xatchison xonim esa buning evaziga ekologik muammolarga, bu korporatsiyalarning qora ishlariga ko’z yumib keladi degan fikr keng tarqalgan.

Senator, shuningdek, Iroqqa qarshi urush ochish to’g’ri deb chiqqan.

Senator: Amerikada ayollar nimaga qodirlgini isbotlab bo'lgan

Senator: Amerikada ayollar nimaga qodirlgini isbotlab bo'lgan

“Siyosat shunaqa narsa o’zi. Hammani birdek rozi qila olmaysiz. Har bir qaroringiz ham kutilgan natijaga yetaklamaydi. Ko’p hollarda ikki o’t orasidamiz. Keskin qarorlar qilishga to’g’ri keladi. Ishimiz shu”,- deydi Xatchison xonim.

Xotin-qizlar ravnaqi uchun qilgan ishlaridan biri shuki, endi bolasini boqib uyda o’tirgan onalar davlatdan ko’proq yordam oladi. Nafaqa kafolatlangan. Oldin faqat ishlagan ayollar bu imtiyozga munosib edi. Bu qonunni yozishda Xatchison xonim sobiq senator Xillari Klinton bilan birga ishlagan.

Senator Xatchison safdoshi Elizabet Doul va hozirda AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan

Senator Xatchison safdoshi Elizabet Doul va hozirda AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan

“Senator Xatchison har kim bilan til topisha oladi. Siyosiy qarashlar, partiyalar bir-biriga qarshi bo’lishi mumkin, lekin xalq manfaati deganda u jonini jabborga beradi. U raqib tomon bilan murosa qila oladi. Respublikachi bo’la turib, demokrat Xillari Klinton Senatda yaxshi ishlagan”,- deydi Jennifer Daffi, siyosiy tahlilchi.

2009 yilda Xatchison xonim Texas shtati gubernatori bo’lish uchun kurashdi. Saylovda boy berdi. Prezidentlik uchun intilmagan, xohishi ham yo’q, lekin yaqin kelajakda ayol rahbar saylanishiga ishonadi.

Senator: Amerikada ayollar nimaga qodirlgini isbotlab bo'lgan

Senator: Amerikada ayollar nimaga qodirlgini isbotlab bo'lgan

"Bugun Senatda va boshqa amallarda juda kuchli ayollarimiz ko’p. Ular ishni eplayapti va xalq buni biladi. Xotin-qizlar bugun juda faol fuqarolar. Tirikligimda ayol prezident saylashimizga ishonaman”,- deydi u.

Senator Xatchisonning ish muddati 2012 yilning yanvarida nihoyasiga yetadi. Vashington jahon siyosiy markazi, deydi u, lekin Texasga qaytib, dam olmoqchi, mahalliy muammolar bilan shug’ullanmoqchi.

Senatda bugun 17 ayol a’zo bor. Key Beyli Xatchison uning o’rnini yana bir ayol egallaydi degan umidda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG