Qozog'iston elchisi: Dunyo ahlidan yashiradigan narsamiz yo'q


Janao'zen, 17-dekabr 2011

Janao'zen, 17-dekabr 2011

Qozog’istonning Janao’zen shahrida yuz bergan to’polonlar, ichki ishlar xodimlari fuqarolarga qarshi kuch ishlatib, 15 kishi halok bo’lgani va bugun ham bu shaharda favqulodda holat hukmron ekani – o’zini Markaziy Osiyoning yetuk va erkin jamiyati deb atab kelayotgan davlat uchun sharmandalik.

Hukumat nafaqat o’z xalqi orasidagi balki tashqi dunyodagi nufuzini ham himoya qilishga urinmoqda.

Erlan Idrissov, Qozog'istonning AQShdagi elchisi, Vashington, 21-dekabr, 2011

Erlan Idrissov, Qozog'istonning AQShdagi elchisi, Vashington, 21-dekabr, 2011

Seshanba kuni Qozog’istonning AQShdagi elchisi Erlan Idrissov Vashingtondagi matbuot markazida jurnalistlarning savollariga javob berdi.

Janao’zendagi fojia ketidan Ostonaga borib kelgan diplomat so’zga chechan, o’ziga ishongan odam. Idrissov - sobiq tashqi ishlar vaziri. Britaniya va BMTda ham elchilik qilgan.

“Xalqim Janao’zendagi to’polon va qon to’kilishlardan dahshatda. Biz rivojlangan jamiyatmiz, iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan oldinga siljib boryapmiz. Shunday ekan, bezori guruhlarning bunday qilmishlariga toqat qila olmaymiz. 1991-yilda mustaqillikka erishganimizdan beri Qozog’istonda kishi boshiga daromad 16 marotaba oshdi. Maosh va pensiya bobida Markaziy Osiyoda bizga yetadigani yo’q. Bir necha agitatorlar bu progressga raxna sola olmaydi”, - deya bayon qiladi Idrissov.

Janao'zen, 17-dekabr 2011

Janao'zen, 17-dekabr 2011


“Hech kimdan hech narsani yashirmaymiz. Mish-mishlarga hojat yo’q. Janao’zenda nima bo’lgan bo’lsa, hammasi aniqlanadi, tekshiriladi, ayon etiladi va javobgarlar, kim bo’lishidan qat’iy nazar, qonun oldida javob beradi. Hukumatning qo’lida bir dunyo ma’lumot bor, videolardan tortib, boshqa ashyoviy dalillargacha. Maxsus komissiya tergov boshlagan. Ularning vazifasi haqiqatning tagiga yetish, iloji boricha tezroq”,- deydi elchi.

Diplomat deydiki, Janao'zen xalqaro va mahalliy axborot vositalari uchun ochiq. Lekin shaharga kira olmay sarson bo'lib yurgan jurnalistlar juda ko'p. Ishonchli manbalarga ko'ra, favqulodda choralar ostida yashayotgan hududda fuqaro harakati cheklangan. Voqea joylari tekshiruv ostida deya matbuotga u yerni ko'zdan kechirish uchun ruxsat yo'q.

16 dekabrda boshlangan tartibsizliklarda 15 kishi o’lgan, 14 nafari Janao’zen markaziy maydonida, 1 nafari esa Uzen-Jetibay poyezd bekatidagi zo’ravonliklar natijasida halok bo’lgan. 100 dan ortiq odam jarohatlangan. 8 kishi hibsda. Jami 19 kishi ustidan jinoiy ish ochilgan. Bu odamlarning huquqlari poymol etilmoqda, ular yaqinlari bilan ko’risha olmayapti, advokat berilmagan degan gaplar safsata, deydi elchi. Hammaning haq-huquqi ta’minlanadi, hukumat buni kafolatlaydi; qonunni buzgan shaxslar, shu jumladan militsiya xodimlari ham sudga tortiladi, deydi u.

Jamoat markazlari, banklar, davlat idoralari, xususiy mulklar vayron qilingan. Keltirilgan zarar, deydi diplomat, 2 milliard tenge – 14 million dollar.

Janao'zen va Aktau shaharlaridagi manzara:

Diplomatning ta’kidlashicha, Janao’zenda iqtisodiy qiyinchiliklardan to’ygan aholi bosh ko’tardi deb baholash – ahmoqlik, haqiqatga ko’z yumish. To’g’ri, deydi u, bu shaharda hayot oson emas. Iqlim og’ir. Boshqa sanoat markazlari singari aholining aksariyat qismi konlarda ishlab kun kechiradi. Lekin bu soha egalari yaxshi pul topadi, deydi Idrissov. Masalan, deydi u, ruda va ko’mir konlari xizmatchilari oyiga 115-120 000 tenge, ya’ni 800-850 dollar maosh oladi. Eng past oylik 22 000 tenge.

Janao'zen, 16-dekabr 2011

Janao'zen, 16-dekabr 2011

Lekin shaharda mana ikki yildirki ishchilar va kompaniyalar orasida mojaro ketmoqda. Uzenmunaygas neft konlaridan ishdan haydalgan 200 dan ortiq kishi adolat talab qilmoqda. Kompaniya, hukumat aralashuvi bilan, ularga ish va’da qilgan. Janao’zendagi voqealar ortida bu ishchilar turgani haqida isbot yo’q, deydi elchi Idrissov. O’lganlar ham aynan ular deyish noto’g’ri, tergov natijasini kuting, deya qo’shadi u.

Temir yo’l bekatlarida aholiga hujum qilgan, ularni qo’rqitgan shaxslar qo’lida portlovchi moddalar bo’lgan. Fuqarolarning o’zi bunga guvoh. Bu “xuliganlar” kimning odami, kimning madadi va yo’rig’i bilan ish tutgan, hozircha noma’lum, deydi Erlan Idrissov.

Tergov qanchalik adolatli o’tishi mumkin? Qozog’iston hukumati bunga shubha qilmang deydi. Fojiani 50 dan ortiq yetuk mutaxassislar teskhirmoqda, deydi elchi, chet el, jumladan Amerikadan yordam so’ralmagan.

Janao'zen, 19-dekabr 2011

Janao'zen, 19-dekabr 2011

Qozog’iston g’arbi - konlar makoni. Amerika sarmoyasi bilan ishlaydigan kompaniyalar Janao’zendagi voqealarga aloqasi yo’q, lekin bu shahardagi sanoatlarga Xitoy katta investitsiya qilgan. Pekin hali biror bayonot bergani yo’q.

Janao’zen qozoq tilida “yangi daryo” degani. Mangistau viloyatida joylashgan. Aktau shahridan 150 kilometrcha narida. Aktau – Afg’onistonga yuk tashiladigan yo’nalish, Shimoliy Ta’minot Tizimining bir qismi. U yerda ham namoyishlar bo’lib o’tgan. Konchilar ish sharoiti va maoshdan norozi.

Qozog’istonning AQShdagi elchisi Erlan Idrissovning aytishicha, Janao’zenda favqulodda holat 5-yanvargacha davom etadi. Militsiyaga aholiga qarshi kuch ishlatmaslik buyurilgan. Lekin o’tgan haftadagi to’polonlarda qurol qo'llangani tan olinadi. Tartib buzilsa, militsiya yoki fuqaro tomonidan, qonun oldida javob beradi, deydi Idrissov.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG