Amerikalik xoreograflar ta’sis etgan kompaniya Qozog’istondan yosh raqqosani Vashingtonga taklif qildi. Vatanida yakkaxon o’yinchi sifatida tanilib ulgurgan Ayman Axmedjanova amerikacha yondashuvni o’rgandi, o’zining mahoratini ko’rsatdi. Amerikalik xoreograflar O’zbekiston ustalari bilan ham hamkorlik ustida muzokarada.

“Company E” zamonaviy raqs kompaniyasi har xil davlatdan talantlarni izlab topadi va Amerikada hamda boshqa o’lkalarda tomoshalar beradi. Bu ishda Davlat departamenti, chet el elchixonalari salmoqli yordam beradi.

Pol Gordon Emerson unga asos solgan insonlardan.

“Men har xil manzillardan iloji boricha ko’p iste’dod egalarini to’plashga harakat qilaman. Ular qaysi davlatdan bo’lmasin san’at tilini hamma tushunadi. Biz Vashingtonda ekanmiz, elchixonalar o’z madaniyatini targ’ib qilishni istaydi va jon deb bizga eshiklarini ochadi. Davlat departamenti esa Amerika san’atini chet elda yoyishdan manfaatdor va har jihatdan bizni qo’llab-quvvatlaydi”.

To’rt yil oldin Amerika elchixonasi taklifi bilan Pol Gordon Emerson va yana bir necha raqqos Qozog’istonga safar qildi. Tashrifi davomida u Almatida bo’lib, talantlar soni va ularning ixlosidan hayron qoldi.

“Samruk” zamonaviy raqs kompaniyasi bilan o’shanda tanishdik. Ayman Axmedjanova shu guruhning vakilasi. Qozog’iston bilan 2010-yilda boshlangan hamkorlik bugun nihoyatda mustahkam. Bu davr mobaynida 10 marotaba safar qildim Qozog’istonga, raqslarni sahnalashtirdim. Endigi maqsad o’sha yerlik raqqoslarni Amerika sahnasiga olib chiqish. Ayman bu jihatdan birinchi qaldirg’och”.

Ayman Axmedjanova bolalikdan teatr sahnasi bilan tanish – onasi va akasi professional raqqoslar. Almatida xoreografiya bilim yurtini tamomlab, Abay nomli Opera va balet teatrida yetti yil ishlagan.

“Yildan yilga bir xil klassik repertuarni takrorlar edik. Yangicha yo’nalishda, zamonaviy xoreografiyada o’zimni sinab ko’rmoqchi bo’ldim va “Samruk” jamoasiga qo’shildim. Ijodiy rahbar Gulnara Vladimirovna Adamovaning qo’li ostida ishlayapman”.

O’tgan yilning yozida Pol Gordon Emerson Qarag’anda va Ostonada mahalliy raqqoslarga darslar berayotib, Aymanni yordamga chaqirdi. Ikkisi bir-birini yaxshi tushunib ishladi va natijada Pol uni Amerikaga tajriba almashishga taklif qildi.

“Ular umuman boshqacha yondashar ekan. Butun vujudim ustida qayta ishlayapman. Umr bo’yi o’rganganlarimni unutishim kerak bo’layapti. Menga doim harakatlaring chiroyli chiqishi kerak, deb o’rgatishgan. Bu yerda esa o’zimni mutlaqo bo’sh qo’yishim, erkin harakatlanishim kerak. Xullas, ichimda haqiqiy kurash ketayapti. Ular menga qarab hayron, men amerikalik raqqoslarga qarab hayronman”.

AQShdagi tomosha paytida Ayman deyarli har bir raqsda qatnashdi. Amerikalik safdoshlarim ham ilhom beradi, ham farq qiladi, deydi u.

Ayman Axmedjanova Qozog’iston milliy akademiyasida san’atshunoslik yo’nalishida o’qiyapti, magistrlik ishini yoqlamoqchi. Uning aytishicha, Qozog’istonda zamonaviy raqs rivojida Pol Gordon Emersonning xizmati juda katta – xoreograf qanchadan-qancha baletlarni sahnalashtirdi…

“Qozog’istonga katta planlar bilan, ilhom bilan qaytayapman. Raqsning yangi turi bo’yicha bilimim, mahoratim oshdi. Vatanda mashqlar o’tkazishni, bilganim bilan o’rtoqlashishni rejalab qo’yibman”.

Abay nomli Opera va balet teatri ham, “Samruk” zamonaviy raqs kompaniyasi ham davlat tasarrufida. Maosh katta bo’lmasa-da, raqsga bo’lgan hurmat, muhabbat bois Ayman shu kasbga sodiq qolayapti.

Pol Gordon Emerson nazarida xalqlar madaniyatni vaj qilib o’zaro farqni bo’rttirib bekor qiladi. Aslida san’at elatlarni, davlatlarni birlashtiruvchi kuch, deydi u.

Raqqos hozir AQShning Toshkentdagi elchixonasi bilan muzokarada. Joriy yilning yozida Chimkentga bir oylik ijodiy safaridan keyin amerikalik xoreograf O’zbekistonga ham o’tishni ko’zlayapti.
XS
SM
MD
LG