Qozog'istonda yuzlab odam saylov natijalariga qarshi namoyishga chiqqan

  • Amerika Ovozi

Almati, 15-yanvar, 2012

Almati, 15-yanvar, 2012

Bugun Qozog'istonning Almati shahrida qariyb 250 odam namoyish qilib, parlament saylovlari natijalari soxtalashtirilganini da'vo qildi.

Namoyishchilar Umummilliy sotsial-demokratik partiya tarafdorlari ekani ma'lum. 45 daqiqa davom etgan namoyishda muxolifatchilar noroziligini saylov byulletenlarini yoqish orqali bildirgan. Navbatdagi namoyish 28-yanvarga belgilangan.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilari yakshanba kungi saylovlarni tanqid qilib, haqiqiy muxolif partiyalar undan chetlatilganini ta'kidladi.

"Jarayonda demokratik tamoyillarga rioya qilinmadi", deyiladi guruh hisobotida.

Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning aytishicha esa, partiyasining yakshanba kungi parlament saylovlaridagi salmoqli g'alabasi xalqning hukumatga bo'lgan ishonchidan darakdir.

Saylov natijalariga ko'ra, Nazarboyevning "Nur Otan" partiyasi 81 foiz ovoz to'plagan. Undan tashqari parlamentga tadbirkorlar huquqlarini himoya qiluvchi "Oq Yo'l" partiyasi va Kommunistik partiya ham kirgan. Biroq ularning Nazarboyevga xayrixohligi aytilmoqda.

Qo'shma Shtatlar yevropalik kuzatuvchilar xulosasini olqishlagan holda Qozog'istonning yangi parlamenti bilan hamkorlikka tayyormiz, demoqda.

Davlat departamenti so'zlovchisi Mark Tonerning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Qozog'iston hukumatining mamlakatda siyosiy xilma-xillik uchun zarur muhitni yaratish maqsadidan qayrilmaydi, degan umidda.


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG