Qozog'istonda parlament tarqatilib, erta saylov o'tkaziladi


Qozog'istonda parlament saylovlari muddatidan oldin o'tkaziladi. Amaldagi parlamentni tarqatib yuborish haqidagi qarorni imzolagan Prezident Nursulton Nazarboyev buni murakkab iqtisodiy vaziyat bilan izohlagan.

Saylov 20-martga belgilangan, ammo muxolifat yana bir yasama saylovni muddatidan avval o'tkazishdan mantiq ko'rmaydi.

Qaror deputatlar tashabbusi bilan qabul qilingan. Bu prezident tomonidan belgilangan islohotlarni amalga oshirish, iqtisodiy inqiroz oqibatlarini bartaraf etish zaruriyati bilan izohlanadi.

Nazarboyevga ko'ra, yangi parlament hozirgi murakkab sharoitda Qozog'iston xalqini yanada jipslashtirishi, rivojlanishni yangi bosqichga yetaklashi kerak.

Ekspertlar yuqorida ko'rsatilgan sabablarga shubha bilan qarashadi. Bu safar ham muxolif partiyalar saylovda ishtirok etmasligi, yangi parlament avvalgisi kabi to'liq hukumat nazoratida bo'lishi aytilmoqda.

So'nggi yillarda Qozog'istonda keskin bosim ostida qolgan muxolif partiyalar parlament saylovlarida qatnashish imkoniyatidan mahrum. Muxolifat vakillari ustidan mahkama ishi davom etmoqda.

Muxolifat faoli Aydos Sodiqov hukumat qarori norozilik kuchayib borayotgan qozoq jamoatchiligi orasida turli munozaralar qo'zg'atganini aytadi.

“Bu parlamentning o'zi mutlaqo yasama edi, birorta muxolif vakil yo'q, hammasi qo'l ostida, uni tarqatib yuborishga ehtiyoj ham yo'q edi. Biz ikki sabab bilan bog'layapmiz. Birinchisi, shu yo'l bilan odamlarni og'irlashib borayotgan iqtisodiy sharoitdan chalg'itish. Ikkinchisi, Nazarboyevda o'z qarindoshlarini yangi parlamentga olib kelish niyati bo'lishi mumkin. Gap shundaki, bu qarordan mantiq izlash kerak emas, chunki avvalgi saylovlar ham soxta o'tgan, bunisi ham xuddi shunday soxta o'tadi", - deydi Sodiqov.

Unga ko'ra, muxolif partiyalar saylovda qatnasha olmaydi, ro'yxatga ham olinmagan.

“Qozog'istonda rasman sakkizta partiya ro'yxatga olingan, qonunchilikda ko'rsatilgan 40 ming a'zoga ega, ammo ular orasida birorta muxolif partiya yo'q. Nafaqat muxolif partiyalar, balki mustaqil nodavlat tashkilotlar ham keskin ta'qibda. Ko'pchiligi xorijga chiqib ketgan, muxolif faoliyat to'xtatib qo'yilgan. Shuning uchun muxolifatni saylovda qatnashishi haqida gapirish mumkin emas”, - deydi Sodiqov.

Son'ggi xabarlarga ko'ra, qozoq tangasining AQSh dollariga nisbatan qadri keskin tushib ketishi mamlakatda norozilik kayfiyatini kuchaytirgan. Erta saylovlar aholida barqarorlikka ishonch uyg'otish maqsadiga ham bog'liq ko'riladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG