Breaking News

Qozog'istonda iqtisod barqaror, ammo ijtimoiy ziddiyatlar yuqori


Yakunlanayotgan yilda Qozog’istonda siyosiy tizim sinovdan o’tdi. Prezident Nursulton Nazarboyev rahbarligidagi Nurotan partiyasining to’liq g’alabasi bilan o’tgan saylovlarni demokratik deb baholash qiyin. 2012-yilda ijtimoiy ziddiyatlar ham kuchaygan.

Qozog'iston 2012-yilda, Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:32 0:00
Yuklab oling

27-dekabr Qozog’istonda motam kuni sifatida e’lon qilindi. 25-dekabr kuni Chimkent yaqinida sodir bo’lgan aviahalokatda chegara xizmati harbiylaridan iborat 27 kishi halok bo’ldi. Bu 2012-yil davomida Qozog’istonda kuzatilgan ikkinchi milliy motamdir.

Iyun oyida “Arkan-Kergen” chegara postida ro'y bergan otishmada15 nafar chegarachi o’ldirilgan edi. Jamoatchilikni larzaga solgan bu fojea siyosiy munozaralarga ham sabab bo’ldi. Qotillikda ayblangan chegarachi askar Vladislav Chelax bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Avgust oyida Almati viloyatida yana bir dahshatli qotillik sodir etildi. Oqsoy qo’riqxonasidan birin-ketin 12 kishining jasadi topildi. Hukumat bu jinoyatni diniy ekstremistlar tomonidan uyushtirilgan terrorchilik harakati deb baholadi.

Qozog’istonda diniy radikal kayfiyat kuchaygani, turli ekstremistik tashkilotlar faollashgani aytiladi.

Yakunlanayotgan yil iqtisodiyot uchun muvaffaqiyatli bo’lishiga qaramasdan, ijtimoiy-siyosiy vaziyatning og'irlashayotgani ham kuzatilmoqda.

2012-yilning yanvarida o’tgan saylovlardan so'ng Qozog’iston Parlamenti uch partiya vakillaridan tashkil topdi. Xalqaro kuzatuvchilar Nazarboyev yetakchiligidagi "Nurotan“ partiyasining mutlaq g’alabasi bilan yakunlangan saylovni nodemokratik o'tganini ta'kidladi. Saylovlar natijasiga qarshi o’tgan norozilik muxolifat yetakchilarining javobgarlikka tortilishi bilan yakunlandi.

2012-yil Qozog’iston iqtisodi uchun barqaror yillardan biri sifatida e’tirof etildi. Mamlakatning asosiy eksport mahsulotlari - energetika resurslari, qazilmalar va bug’doy narxi hanuz baland.

Nazarboyev bu yil "Qozog’iston - 2050“ deb nomlangan dasturini taqdim etdi. Unda 2050-yilgacha dunyoning eng rivojlangan 30 davlati qatoridan o'rin olish ko'zda tutilgan.

Rivojlanishning yangi bosqichini e’lon qilgan Nazarboyev bir qator rasmiylarni almashtirdi. Uzoq yillar hukumatni boshqargan Karim Masimov o’rniga uning o’rinbosari Serik Axmetov bosh vazirlikka tayinlandi.

Jurnalist Serik Maleevga ko’ra, Nazarboyev tashqi siyosatda ham, ichki siyosatda ham to’g’ri yo’nalish tanlagan.

“Dunyoda moliyaviy inqiroz asoratlari davom etayotgan bir paytda Qozog’iston iqtisodiyoti rivojlanish tomon ketmoqda. Nazarboyev tashqi siyosatda ham ko’p vektorli siyosat olib bormoqda. G’arb, Moskva va Xitoy bilan ham aloqalar mo’tadil rivojlanmoqda. Qozog’iston turli iqtisodiy uyushmalar, integratsiya g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Qo‘shni davlatlar, jumladan, O’zbekiston bilan ham munosbatlar yaxshi, iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish chorlari ko’rilmoqda“, - deydi jurnalist.

Ammo fuqarolik jamiyati vakillari, muxolifat, mustaqil jurnalistlar 2012-yilni erkinlik va huquqlar poymol etilgan mudhish yil sifatida e’tirof etmoqda.

O'tgan bir yil davomida Qozog’istonda siyosiy mahbuslar soni ortdi. Mamlakatda faoliyatda bo’lgan bir nechta muxolif partiyalar va nashrlar sud qaroriga ko’ra ekstremizm targ'ibotchilari deb topildi. Ular faoliyatiga taqiq qo'yildi.

Muxolifatdagi "Olg’a“ partiyasi yetakchisi Vladimir Kozlov ijtimoiy zo’rovonliklar qo’zg’ashga urinishda ayblanib, 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

So’z erkinligini himoyalashni maqsad qilgan "Odil so’z“ xalqaro jamg’armasi rahbari Galiya Ajenova 2012-yilni mamlakat jurnalistikasi uchun qora yil sifatida ta'riflaydi.

"Yakunlanayotgan yil jurnalistlar uchun o’ta og’ir keldi. Bu kabi tazyiqlar 10 yil avval kuzatilgan edi. Hukumat nazoratni kuchaytirmoqda. Buning, albatta, tashqi va ichki sabablari bor. Tashqi sabablariga dunyo bo’ylab kechayotgan inqiloblardan cho’chish kiradi. Masalan, arab bahoriga o’xshash. Ichki sabablari esa o’tgan yil biz Janao’zan voqealarini boshdan kechirdik, bu voqealar yarasi hamon bitmagan“, - deydi Galiya Ajenova.

Mahalliy ekspertlarga ko’ra, 2012-yil ham ko’pchilikni bezovta qilib kelayotgan bir savolga oydinlik kiritmagan: Ancha keksayib qolgan Nazarboyevning vorisi kim bo’lishi mumkin?

Nursulton Nazarboyev 22 yildan buyon Qozog’iston prezidenti lavozimida qolmoqda. Mamalakatda Nazarboyev uchun maxsus qonun qabul qilingan. Bu qonunga ko’ra, u istalgan marta mamlakat prezidentligiga o’z nomzodini ko’rsatishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG