"Nazarboyev yaxshi rahbar, lekin Yaqin Sharqda prezidentlar holini ko'rib turibdi"

  • Amerika Ovozi

"Nazarboyev yaxshi rahbar, lekin Yaqin Sharqda prezidentlar holini ko'rib turibdi"

"Nazarboyev yaxshi rahbar, lekin Yaqin Sharqda prezidentlar holini ko'rib turibdi"

Qozog’istonda kelasi oyga belgilangan prezident saylovlari qo’shni Qirg’izistonda ham katta qiziqish uyg’otmoqda.

Ikki davlat munosabatlari azaldan qalin. Qardosh xalqlar qo’shnining iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy jarayonlarni diqqat bilan kuzatib boradi.

Qirg’izistonlik siyosatshunos, O’sh Davlat Universiteti professori Arap Anarboyevning aytishicha, Qozog’istondagi prezident saylovlari tinch o’tadi.

“Bir sababi – vaqtidan oldinroq o’tkazilayotgani. Qozog’istonda o’zlarini muxolifat deb hisoblagan partiyalari yaxshi tayyorgarlik ko’rmay qo’ldi. Bunga qaramay, Nursulton Nazarboyev nomzodi bilan birgalikda yana uch nomzod chiqqan va o’z saylovoldi ishlarini olib borishayapti. Ammo, albatta, elga taklif-programmasi yoqqan, xalqning ko’nglini olgan, fuqarolarning kelajagini o’ylagan nomzod yengib chiqadi”, - deydi u.

Qalamkash Muhammadsoli Ismoilov fikricha, Qozog’istonda iqtisodiy vaziyat ancha yuqori, aholining turmushi ham.

“Shu bois, Qozog’istondagi siyosiy jarayonlarga ijobiy baho berish kerak. Buni ma’qullash kerak. Ushbu ko’rinish qo’shni davlatlarga ham ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Hozir amaldagi prezidentning imkoniyatlari, menimcha, salmoqliroq. Boshqa odam saylansa ham tinch yo’l bilan saylanishi lozim”, - deydi Muhammadsoli Ismoilov.

Suhbatdoshlar Qozog’istondagi siyosiy kurash tinch o’tayotganidan mamnun. Ayni paytda ular bahsli nuqtalarni ham urg’ulaydi.

"Nazarboyev yaxshi rahbar, lekin Yaqin Sharqda prezidentlar holini ko'rib turibdi"

"Nazarboyev yaxshi rahbar, lekin Yaqin Sharqda prezidentlar holini ko'rib turibdi"

“Nursulton Nazarboyev bir yaxshi narsani qildi – 2020 yilgacha referendum yordamida prezidentlik vakolatini uzaytirmasdan, ochiq saylov yo’li bilan kurashni afzal ko’rdi. Bu odam 20 yildan buyon davlat rahbari lavozimini egallab turibdi. Uning tarafdorlari, yonidagilar Nazarboyevning yana prezident bo’lishi uchun qattiq harakat qiladi. Ammo amalda uzoq yillik rahbarlarning ahvoli nima bo’lishini Yaqin Sharqdan ko’rib turibmiz”, - deydi siyosatshunos Arap Anarboyev.

Qalamkash Muhammadsoli Ismoilov Qirg’iziston va Qozog’istondagi siyosiy jarayonlarning farqlari haqida mulohaza yuritadi.

“Qirg’izistonda aholi o’ta siyosiylashgan. Dehqon ham, ishchi ham, tadbirkor ham siyosatga aralashishga harakat qiladi. Demokratiya tamoyillari bizda rivojlanganday ko’rinadi, faqat anarxiya darajasiga chiqib ketganday. Qozog’iston, boshqa qo’shni o’lkalarda siyosiy jarayonlar o’z o’rnida, kerak bo’lgandagina aytiladi. Ular, balki demokratiya darajasiga hali to’liq yetmagandir, ammo Yevropa miqyosidagi demokratiya sari rivojlanayapti deb o’ylayman”, - deydi u.

Qirg’iziston-Qozog’iston munosabatlari ko’pchilik qirg’iz mutaxassislarini, oddiy odamlarni qoniqtirmaydi. Tijoratchilar, Qozog’iston orqali xorijga yo’l olayotgan muhojirlar qozoq mulozimlari, boj xodimlari, politsiyachilari muomalasidan shikoyat qiladi.

Siyosatshunos Arap Anarboyev nazarida davlatlararo munosabatlar sho’rolar davridagi yuqori darajaga yetgani yo’q.

“O’tgan yilgi aprel inqilobidan so’ng Qozog’iston chegaralarni yopib, tovarlarni o’tkazmay qo’ygan. Ammo hozir ikki tomonlama aloqalar yana joyiga tushib borayapti. Qirg’izistonning iqtisodiyoti Qozog’istonsiz rivojlanmaydi. Madaniy, ilmiy aloqalar ham o’z yo’lida ketayotir”, - deydi professor Arap Anarboyev.

Qirg’iz adibasi, “Umay ona” siyosiy partiyasi rahbari Salima Sharipova so’zlariga ko’ra, Qozog’iston Qirg’zistonga doim yordam qo’lini cho’zadi.

“Rossiyadan keyin Qozog’iston qirg’izistonliklarga ikkinchi uyi bo’lib qolgan. Juda ko’p fuqarolarimiz u yerda o’z rizqini topib kelishayapti. Faqat avvalgiday madaniyat, adabiyot kunlari kabi tadbirlar, albatta, ozaygan. Madaniy aloqalarni oldindagi saviyaga olib chiqish kerak”, - deydi Salima opa.

Qirg’izistonliklar qo’shni o’lkada saylovlar ortidan ikki mamlakat munosabati jadal rivoj topishidan umidvor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG