Qozog’iston kelajagi yuzasidan xavotirlar


Prezident Nursulton Nazarboyev Vatan mudofaachilari kuni munosabati bilan Almatidagi tantanada qatnashayapti. 7-may, 2013-yil.

Prezident Nursulton Nazarboyev Vatan mudofaachilari kuni munosabati bilan Almatidagi tantanada qatnashayapti. 7-may, 2013-yil.

Bo’hronlarni o’rganish xalqaro guruhi bahosicha, Markaziy Osiyoda eng barqaror davlat sifatida ko’rilgan Qozog’istondagi vaziyat tahdid ostida. Siyosiy boshqaruvning mavhumligi va ijtimoiy norozilik mamlakatni silkinishlar girdobiga yetaklashi mumkin, deyiladi tashkilot hisobotida.


Tahlillarga ko’ra, xalqaro maydonda kuchli davlatlar safiga intilayotgan Qozog’istonda Nursulton Nazarboyevdan keyin vaziyat qanday bo’lishi noma’lum.

Xalqaro guruhga ko’ra, hokimiyat almashishi ijtimoiy vaziyat uchun jiddiy sinov bo’ladi. Neft va qazilmalar tufayli kelayotgan boylik, tashqaridan Qozog’istonni barqaror davlat sifatida ko’rsatsa-da, bu barqarorlik ostida jiddiy muammolar bor.

Keksayotgan Nazarboyevning vorisi noma’lum, yurt boylar va qashshoqlarga ajragan, diniy radikalizm, korrupsiya avj olgani keyingi hukumat barqaror bo’lishini shubha ostiga qo’yadi.

“Qozog’iston o’zgarishlar arafasida” deb nomlangan bu hisobotga ko’ra, uzoq yillik avtoritar boshqaruv mavhumlikni yaratgan, hokimiyat almashishini ta’minlovchi institutlar ishdan chiqqan.

Sharhlovchi Do’sim Satpayev nazarida voris masalasining yopiq qolayotgani bugun Qozog’iston jamoatchiligida ham, hokimiyatga da’vogar bo’lgan siyosiy elitada ham, tashqaridagi siyosiy kuchlarda ham bezovtalik uyg’otgan.

“Chunki hamma Qozog’istonda Nazarboyevdan keyin nima bo’lishini imkon qadar aniqroq ko’rishni xohlaydi, bu esa baribir yaqin orada yuz beradi”, - deydi Satpayev.

23 yildirki boshqaruvda kelayotgan 73 yoshli arbob umrining oxirigacha prezidentlikka saylanish huquqiga ega. Qozog’iston tarixida bu davr muvaffaqiyatlari Nazarboyev nomi bilan bog’lanadi, biroq muxolifatga, so’z erkinligiga nisbatan tazyiqlar kuchaygan. Rahbar raqiblari siyosatdan chetlatilgan, mamlakatdan quvg’in qilingan.

Satpayevga ko’ra, muxolifat zaifligiga qaramasdan Qozog’istonda hokimiyat uchun da’vogar kuchlar ko’p, asosan hukumatda qolayotgan bu guruhlar hokimiyatga erishish uchun turli vositalardan foydalanishi mumkin.

“Qozog’iston uchun eng ma’quli, albatta hokimiyat uchun da’vogar kuchlarning qandaydir aniq bir sulhga kelishishi, o’tish davri uchun vaqtinchalik bir nomzod ustida to’xtashdir ”, - deydi Satpayev.

Bo’hronlarni o’rganish guruhining Qozog’iston bo’yicha hisoboti O’zbekistondagi vaziyatga yaqinligi bilan ham diqqatli. O’zbekistonda ham siyosiy vorislik masalasi keskin turibdi, 23 yildirki hokimiyatda qolayotgan Islom Karimov Nazarboyevdan ikki yosh katta, 75 ga qarab ketmoqda.

“Islom Karimov 75 da, Nazarboyev 72 da, bu albatta, prezidentlar uchun ancha salmoqli yosh, qolaversa, so’nggi paytda Islom Karimov, Nursulton Nazarboyevning sog’lig’i haqida ham turli xabarlar tarqaldi. Xullas, mintaqadagi vaziyat, ayniqsa, xavfsizlik masalasining qanday bo’lishi asosan shu ikki davlatdagi o’zgarishlarga bog’liq. Mavhum qolayotgan bu o’zgarishlar yuz berishi esa muqarrar”, - deydi Satpayev.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG