Qozog'istonda yana bir mustaqil gazeta yopildi

  • Amerika Ovozi

Qozog’iston sudining “Pravdivaya gazeta” haftanomasini yopish haqidagi qarori bu mamlakat rahbariyatining mustaqil matbuotga qarshi qo’ygan yana bir qadami deya ko’rilmoqda.

Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasiga (Committee to Protect Journalists) ko'ra, sud hukmi bekor qilinishi kerak.

Almati shahrining Bostandiq tuman sudi bu hukmni 24-fevral kuni chiqargan. 7-fevralda tuman prokurori gazetani yopish kerak deya so’ragan edi.

Almatida joylashgan “Odil so’z” matbuot erkinligini himoyalovchi tashkilotga ko’ra, gazeta ayrim texnik talablarni buzgan deb topilgan.

“Ozil so’z” va boshqa tashlilotlarning bildirishicha, rasmiylar “Pravdivaya gazeta” haftanomasini 2013-yil aprel oyida chiqa boshlaganidan beri ta’qib qilib kelgan. Gazetanining birirnchi bosmadan chiqqan nusxalari musodara qilingan, muxbirlarga nisbatan jarima solingan, nashr ikki marta uzoq muddatga to’xtatilgan. Rasmiylar bunga sabab sifatida muayyan talablarga javob bermaganlik, xususan gazeta aytilganidan ko’proq nusxada chiqarilganligi va uning qanday tezlik bilan chiqishi aniq ko’rsatilmaganini aytgan.

“Pravdivaya gazeta” mahalliy va mintaqaviy ko’lamdagi ijtimoiy hamda siyosiy hodisalarni yoritgan, shu jumladan inson huquqlari himoyachilarining ta’qib qilinishi, hukumatning muxolifat yetakchisining Yevropadan ekstraditsiya qilinishini talab qilayotgani kabi masalalarga e’tibor qaratgan.

Gazeta, shuningdek, 2005-yilda prezident Nursulton Nazarboyevni iste’fo berishga chaqirganidan ko’p o’tmay o’ldirib ketilgan siyosiy arbob Zamonbek Nurkadilov xotiralarini chop etgan.

“Biz Qoqog’iston rahbariyatini “Pravdivaya gazeta”ning ma’lumot chop etish va bosmadan chiqishiga ruxsat etishga chaqiramiz. Rasmiylar mustaqil gazeta ovozini o’chirish maqsadida texnik qoidalarni buzganldeya sabab topishga urinmoqda”, - deydi Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasining Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi rahbari Nina Ognianova.

“Qozog’iston hukumati siyosatini tanqid qilgan matbuot darhol ta’qibga uchraydi va qochoqdek faoliyat yuritishga majbur qilinadi”, - deydi u.

Qozog’iston rasmiylari mustaqil ommaviy axborot vositalarini bundan oldin ham siquvga olgan. Masalan, 2011-yil dekabrida Janaozen shahridagi namoyishlarni yoritgan qator jurnalistlar hibsga olingan va so’roq qilingan, ayrimlari esa qamalgan. 2012-yilda o’ndan ziyod gazeta va radio ekstremizmda ayblanib, faoliyatini to’xtatishga majbur qilingan. 2013-yil boshida esa “Respublika” gazetasi muxbirlariga jurnalistika bilan shug’ullanish taqiqlangan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG