Breaking News

Qozoq ekspert: Nazarboyevdan keyin nima bo'ladi?


Olma-ota ko'chalarida Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev portreti aks etgan plakatlardan biri, 16-fevral, 2015-yil.
Olma-ota ko'chalarida Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev portreti aks etgan plakatlardan biri, 16-fevral, 2015-yil.

Qozog'istonda kechagi saylovda, kutilganidek, amaldagi Prezident Nursulton Nazarboyev g'alaba qildi. O'tgan oy O'zbekistonda Prezident Islom Karimov qayta saylandi. Har ikki holda, jarayon nodemokratik, adolatsiz va sahnalashtirilgan, deya baholandi. Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Qozog'istondagi saylovni kuzatib, jarayon yaxshi tashkil etilgan bo'lsa-da, saylovchi uchun tanlash imkoniyati cheklangan edi, deya hisobot berdi.

Nazarboyev yana bir bor prezidentlikka saylandi, Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:18 0:00

Qozog’iston Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotiga ko'ra, Nursulton Nazarboyev saylovda 98 foizga yaqin ovoz olgan. Qozog'iston rahbari bu borada qo'shni yurtda 90 foiz natija bilan yakunlagan Islom Karimovni ham ortda qoldirdi.

Qo’zog’istonlik siyosatshunos Do’sim Satpayev deydiki, Nazarboyev o’z g’alabasi ortidan xalqqa islohotlar va'da qilmoqda, ammo jamoatchilikni qiziqtirgan asosiy savolga javob yo’q.

“Nazaboyev besh yo’nalishda islohotlar o’tkazmoqchi. Bular davlat apparatini byurokratiya va korrupsyiadan tozalash; sud tizimida mustaqillik; iqtisod yo’nalishlarini o’zgartirish va rostdan bugun ancha dolzarb bo’lgan Qozog’iston jamoatchiligini mobilizatsiya qilish. Umuman olganda, Nazarboyev siyosatida biror o’zgarish bo’lmaydi. Ammo ko’pchilikni qiziqtirgan asosiy masala - bu nihoyat Nazarboyevning o’xirgi muddatimi, u bu muddat yakunigacha prezidentlikda qolmoqchimi yoki hokimiyatni topshirish haqida o’ylayaptimi? Bu savollar yana bir necha yillarga javobsiz qoladi”, - deydi Do’sim Satpayev.

Ekspertning aytishicha, bugun siyosiy vorislik va hokimyatning almashishi mintaqa kelajagini belgilovchi eng dolzarb masala.

Mintaqa xavfsizligiga javob beruvchi ikki yirik davlat - O’zbekiston va Qozog’istonda bunday tajriba yo’q. Ikki mamlakatda birin-ketin o’tgan prezidentlik saylovlari esa bu boradagi mavhumlikni yanada kuchaytirgan.

“Chunki mintaqada faqat O’zbekiston va Qozog’iston hokimiyat almashish tajribasiga ega emas. Qirg’izistonda bu narsa ikki bor amalga oshdi. Ammo gap shundaki, O’zbekiston va Qozog’iston vaziyatni belgilovchi davlatlar, mintaqa xavfsizligi ularga bog'liq. Agar ularning birortasida hokimiyat almashish jarayoni izdan chiqsa, bu butun mintaqa uchun jiddiy xavf tug’diradi. Biroq afsuski, mintaqada o’tgan saylovlar ana shu muhim bir masala yechimini yana bir necha yillarga orqaga tashlamoqda. Buning ustiga, har ikki davlatda hokimiyat almashishini ta’minlovchi siyosiy institutlar allaqachon ishdan chiqib bo’lgan, bu elitalar o’rtasidagi kurash avj olishigagina xizmat qilmoqda”, - deydi Satpayev.

Mintaqaning ikki keksa avtoritar liderlari - Islom Karimov va Nursulton Nazarboyevning siyosiy yo’li o’xshash. Har ikkisi - sobiq kommunistlar, 25 yildirki, qonunchilikka turli o’zgartirishlar kiritish bilan prezidentlik lavozimini bermay kelyapti.

77 yoshli Karimov uchun to’rtinchi, 75 yoshli Nazarboyev uchun esa beshinchi prezidentlik muddati boshlanar ekan, bular oxirgisi bo’ladi, deyishga hozircha asos yo’q.

“Karimovdan farqli, Nazarboyevda bir ustunlik bor, u rasman millat yetakchisi maqomiga ega. Qonunda rasman belgilangan bu maqom unga istalgan paytda prezidentlik muddatini qoldirib, bir umrlik senatorlikka o’tishiga imkon beradi. Ya'ni, Nazarboyev lavozimidan ketgandan keyin ham, siyosiy nazoratni o’z qo’lida ushlab qolish qudratiga ega, lekin nega u bundan foydalanib hokimiyat almashish mexanizmini shakllantirmayapti, nima kutayapti va nega vaqtni yo’qotayapti, bu tushunarsiz”, - deydi Satpayev.

Qozog’iston muxolifati adolatli saylovlarga umid yo’qligi uchun saylovda ishtirok etishdan bosh tortdi, uni boykot qildi. Satpayev fikricha, masala nafaqat adolatsiz saylov, balki mamlakatda muxolifatning o’zi qolmagani bilan ham bog'liq.

Nursulton Nazarboyev saylovdagi g’alabasi munosabati bilan Astanada o’tgan matbuot anjumanida xalq irodasini so’zsiz qabul qilishini, barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishga yo’naltirilgan siyosatini davom ettirishini ta'kidlagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG