Qozog'istonda Yevrosiyo ittifoqiga kirishga qarshi fikrlar



Ukrainadagi vaziyat Markaziy Osiyoda, ayniqsa, rusiyzabon aholi zich Qozog’istonda xavotir uyg’otdi. Yaqinda Almatida “Aksilyevrosiyo forumi”da qatnashgan siyosatdonlar Qozog’iston rahbariyatini Rossiya bilan ittifoqqa qo'shilmaslikka chaqirgan.

O'zbekiston Senatining Ukraina bo'yicha xavotirlari Qozog'istonda Rossiya bilan aloqalarga doir tortishuvlar qarshisida ancha bosiq ko'rinadi. Biroq Qozog'iston hukumatidan farqli O'zbekiston hukumati Ukrainaning hududiy birligi tarafdori.

Rasmiy Toshkent bayonoti ortidan Senat ham Ukraina territorial yaxlitligini yoqlab chiqdi, faqat senatorlar Ukraina hodisalari bois xavotir chuqurlashgani, tashvish ortayotganini qo'shimcha qilgan.

Mintaqaning ikki yirik davlati bo'lgan O'zbekiston va Qozog'istonda bu masalada munozaralar jamoatchilik va hukumat pozitsiyalaridagi farqlarni ham ko'rsatadi.

O'zbekiston jamoatchiligida hukumat fikridan qat'i nazar Rossiyaning Ukrainaga bosqinini olqishlayotganlar ko'p. Moskvaning keskinlashib borayotgan siyosati bilan yuzlashib turgan Toshkent jamoatchilikdagi bu kayfiyatdan xavotirga tushayotgan bo'lishi mumkin.

Qozog'iston hukumati Qrimning Rossiya tarkibiga o'tishini tan olgan, Moskva siyosatini yoqlaydi. Faqat Kreml bilan qalinlashib borayotgan aloqalar qozoq jamoatchiligini cho'chitmoqda.

Almatida o'tgan “Aksilyevrosiyo forumi”da Yevrosiyo Ittifoqiga qo'shilmaslikka doir rezolyutsiya qabul qilindi. Muxolifat faollaridan Tazabek Sambetbayning so'zlariga ko'ra, forum mamlakat mustaqilligidan xavotirga tushgan ziyolilar tomonidan chaqirilgan.

“Tashkiliy jihatdan biroz murakab o'tgan bu forumda ko'pchilik qatnasha olmadi, ammo bu qozoq jamoatchiligidagi norozilikning boshlanishi. Tashkilotchilar yaqin orada Yevrosiyo Ittifoqiga qarshi miting o'tkazishni ham rejalagan”, - deydi Sambetbay.

Forum dokladchilaridan biri, siyosatshunos Dastan Qadirjanov so'zlariga ko'ra, Qrim anneksiyasi Yevrosiyo Ittifoqi, Bojxona Ittifoqi ortida ham asosan Kremlning siyosiy maqsadlari yotganini ko'rsatgan.

“Kreml bu tashkilotlar yordamida mutlaqo yangi bir siyosiy ittifoq shakllantirmoqda. Bugun bu narsa hech kimga sir bo'lmay qoldi”, - deydi siyosatshunos.

Moskva Qrimni Ukrainadan tortib olishi ruslar ko'p yashaydigan Markaziy Osiyoda ham vahimani kuchaytirgan.

Yaqinda Rossiyaning Xakasiya muxtor respublikasi rahbariyati Qozog'iston shimolidagi bir necha viloyatlar Rossiyaga qarashli degan iddao bilan chiqdi. Rossiyaning Qozog'istondagi elchisi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgandan so'ng Moskva rasman uzr so'radi.

Sobiq ittifoq tarkibida bo'lgan Markaziy Osiyo davlatlari ruslar ko'p yashaydigan hududlardan sanaladi. Ba'zilarida rus tili davlat yoki rasmiy til maqomiga ega.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG