Qozog'istonda harbiy samolyot quladi

  • Amerika Ovozi

Qozog'istonda, O'zbekiston bilan chegara yaqinida harbiy samolyot qulab, 27 odam, asosan, chegara xizmati xodimlari o'lgan.

Ular orasida mamlakat chegara xizmati rahbari vazifasini o'tayotgan Turganbek Stanbekov ham bo'lgani ma'lum.

"An-72" rusumidagi samolyot Chimkent tevaragida ertalab halokatga uchragan. Qurbonlardan yetti nafari ekipaj a'zolari, 20 kishi harbiy.

Rasmiylarning aytishicha, samolyot Ostonadan Chimkentga yo'l olayotgan bo'lgan.

Voqea sabablari o'rganilmoqda. Oxirgi kunlarda Qozog'iston janubida havo keskin sovib, kuchli shamol va bo'ron bois reyslar bir necha bor qoldirilgan.

Stanbekov shu yil yozida chegara xizmatiga boshliq etib tayinlangan edi.

Avvalgi rahbar Nurjan Mirzaliyev Xitoy bilan sarhadlar yaqinida ro'y bergan otishma va 14 askarning o'limi ketidan ishdan olingan edi. Qotillikda 20 yoshli Vladislav Chelak aybdor topilib, oy boshida umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG