Breaking News

Qozog'istonda Suriya tinchlik muzokaralari boshlandi


Ostona, Qozog'iston, 23-yanvar, 2017-yil
Ostona, Qozog'iston, 23-yanvar, 2017-yil

Qozog`istonda Suriyada tinchlik o`rnatishga qaratilgan muzokaralar boshlandi. Rossiya, Turkiya va Eron qo`llovida tashkil qilingan anjumanda Bashar Assad hukumati, shuningdek, bu hukumatga qarshi jang olib borayotgan Suriya muxolifatining ayrim vakillari qatnashmoqda. Yopiq shaklda o`tayotgan uchrashuvlar Suriyadagi qurolli ziddiyatga barham berishni maqsad qiladi.

Ostonada o`tishi ancha avval ma`lum qilingan Suriya hukumati va muxolifati o`rtasidagi bu muzokaralar 23-yanvar kuni, belgilangan vaqtidan kechikib boshlangan. Muzokara jarayonini yoritayotgan jurnalistlar buning sababini son`ggi damlargacha Suriya muxolifatidan kimlar qatnashishining noma`lum qolgani bilan izohlashadi.

Qozog`istondagi “Vlast.kz” nashri muharriri Zarina Axmatovaning aytishicha, muzokarada prezident Bashar Assad vakilidan tashqari, Suriyadagi qurolli muxolifatga mansub bir guruh ham qatnashmoqda, jarayonning o`zi jurnalistlar uchun yopiq.

“Bu muzokaraning avvalgilaridan farqi Rossiya, Turkiya va Eron tomonidan qo`llab-quvvatlanayotganida. AQSh ishtirokiga qarshi turgan Eron jarayonga faol tortilgan. Ostonadagi muzokaralar uchun asosiy muammo oxirgi daqiqalargacha qurolli muxolifatni jalb etish bo`lib qoldi. Bilishimcha, qurolli muxolifat, xususan, janubiy front vakillari ham, so`nggi soatlarda Ostonaga kelishdi. Muzokaraning o`zi o`ta yopiq, matbuot 5-10 daqiqaga nomiga kiritildi, xolos. Bizdagi ma`lumotga ko`ra, muzokaralar seshanba kuni kechga tomon yakunlanadi, shundan so`ng ehtimol natija haqida bir narsa aytish mumkin bo`lar”, - deydi Zarina Axmatova.

Rossiya tomoni tarqatayotgan ma`lumotlarga ko`ra, muzokaralarning dastlabki qismi yakunlangan. Rossiya prezidentining Suriya bo`yicha maxsus vakili Aleksandr Levrentev tomonlar o`rtasidadi ziddyat va ishonchsizlik saqlanib qolayotganiga qaramasdan, muzokaralar davom etayotgani, seshanba kuni yakuniy natijalar bo`lishini aytgan.

Muzokaradan avval Qozog`iston prezidenti Nursulton Nazarboyev BMTning Suriya bo`yicha maxsus vakili Staffan de Mistura bilan uchrashgan. Nazarboyev Rossiya, Turkiya va Eron prezidentlarining muzokarani Ostonada o`tkazish taklifini qabul qilganini aytgan, tomonlarning o`zaro sulhga borishiga umid bildirgan.

Suriya bo`yicha tinchlik muzokaralarining Ostonada o`tayotgani tashabbuskorligi bilan tanilgan Nazarboyev shaxsiga ham bog`liq ko`riladi.

“Ostona har doim ham xalqaro maydonda, turli ziddiyatlar bo`yicha vositachilik qilishga tayyorligini namoyish etib kelgan. Mamlakat YXHTga raislik qilgan davrda ham shunday harakatlar bo`lgan. Ammo Nazarboyev Rossiya va Turkiya munosabatlarini iliqlashtirishga muvaffaq bo`lgach, Qozog`istonning bu boradagi harakatlari natija berayotgani tan olindi. Shuning uchun ham muzokara uchun Qozog`iston tanlangan deb o`ylayman. Ostona o`zining neytralligini, jarayonga tortilgan tomonlarning hammasi bilan bir xil, ochiq munosabatda ekanligini ta`kidlab kelayapti”, - deydi Zarina Axmatova.

Ostonadagi muzokara prezident Bashar Assad hukumati vakili Bashar Jafariy, muxolifat tomonidan “Jaysh al Islom” guruhi vakili Muhammad Allush, Rossiya, Turkiya va Eron vakillari ishtirokida o`tayapti. Shuningdek, unda AQShning Qozog`istondagi elchisi kuzatuvchi sifatida qatnashmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG