AQSh Qozog'iston va Turkmanistonga yangi elchilar yuboradi


Elchi Krol o'zbek va rus tillarini biladi. Belarus va O'zbekistonda elchilik qildi. Navbat Qozog'istonga.

Elchi Krol o'zbek va rus tillarini biladi. Belarus va O'zbekistonda elchilik qildi. Navbat Qozog'istonga.

O'zbekistondagi elchi Jorj Krol uch yillik vazifasini yakunlab, qo'shni Qozog'istonga otlanmoqda. Turkmanistondagi elchixonaga yangi bosh diplomat sifatida Allan Mastard ko'rsatilgan.

Qo'shma Shtatlarning O'zbekistondagi elchisi Jorj Krol (George Krol) uch yillik vazifasini yakunlab, endi qo'shni Qozog'istonga otlanmoqda. Vashington Turkmanistondagi elchixonaga ham yangi bosh diplomat tayinlayapti - Allan Mastard (Allan Mustard). Yil oxiriga borib, O'zbekiston va Qirg'izistonga ham yangi elchilar boradi. Nomzodlar hali ko'rsatilmagan.

Prezident ko'rsatgan har bir arbob Senat tomonidan tasdiqlanishi kerak. Tashqi aloqalar qo'mitasi nomzodni huzuriga chaqirib, muloqot qiladi.

17-iyul kuni Jorj Krol va Allan Mastard senatorlar oldida so'zladi (VIDEO, ingliz tilida, to'liq holda. Quyida esa parchalar). Har ikkisi nazarida Markaziy Osiyo Qo'shma Shtatlar uchun strategik jihatdan muhim, jiddiy e'tibor va serqirra hamkorlik talab qiladigan mintaqadir.

32 yillik diplomatik tajribaga ega Krol 2011-yilning yozida O'zbekistonga elchi sifatida tayinlanishidan oldin Davlat departamentida mintaqa uchun mas'ul edi. Bu vazifada u Vashingtondan turib Markaziy Osiyodagi barcha elchixonalar va jamiki diplomatik faoliyatni boshqargan. Undan oldin esa Belarusda elchilik qilgan.

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Vashingtonda bir necha yillik elchi, Krolni Toshkentda juda iliq kutib olgan. Arboblar bir-birini yaxshi biladi, tushunadi.

Afg'oniston yuzasidan hamkorlikning yangi pallaga kirishida xizmati katta Krol O'zbekistondagi ishidan mamnun. Iqtisodiy va madaniy rishtalarni kengaytirishda ham qo'ldan kelgan barcha harakatni qilganini aytadi.

Bugunga kelib, hukumat va xalq bilan aloqa har jihatdan siljigan, deya tasvirladi u Senatda so'zlar ekan, lekin oldinda hali ko'p ishlar va dovonlar bor ekani aniq.

Qozog'iston, Vashington nazarida, Markaziy Osiyoning yetakchi davlati. AQSh bizneslari eng ko'p sarmoya kiritgan mamlakat ham shu. Iqtisodiy hamkorlik asosan neft sanoati bilan bog'liq. 2013-yilda orada 2,5 million dollarlik savdo qilingan.

Qo'shni davlatlar bilan qiyoslasak, O'zbekiston-AQSh savdo aylanmasi 2013-yilda 345 million dollarni tashkil etgan. Qirg'iziston bilan qairyb 110 million dollar, Tojikiston bilan 51 million, Turkmaniston bilan esa 230 million dollar atrofida biznes qilingan.

Amerikaning o'zi bu mamlakatdan bevosita qora oltin sotib olmaydi, lekin bu sohani rivojlantirayotgan, neft qazib, jahon bozoriga tayyorlayotgan kompaniyalar, xususan "Chevron", "Exxon Mobil" va "ConocoPhilips" korporatsiyalari AQShda asoslangan.

Prezident Nursulton Nazarboyev Amerika rahbari Barak Obama bilan eng ko'p gaplashgan va yuzma-yuz muloqot qilgan lider. Atom qurollari va materiallariga qarshi birgalikda chora ko'rishdan tortib, Afg'oniston va xalqaro masalalar, ta'lim va madaniyat sohasidagi hamkorlikkacha, rishtalar mustahkam, deydi tomonlar.

“Qisqa qilib aytganda, Qozog’iston til topishib ishlasa bo’ladigan davlat”,- dedi Krol Senatdagi bayonotida.

Bu jamiyat o’zi tanlagan yo’lidan ketar ekan, AQSh madadkor hamkor bo’lishi lozim, talab va bosim bilan aloqalarni mustahkamlay olmaymiz, deydi u. Elchi O’zbekiston xususida ham shu gaplarni aytib keladi. Tanqid qilinganida, o’zaro ishonch va manfaatgina davlatlarni yaqinlashtiradi, deya javob beradi.

Rossiyaning Ukrainaga nisbatan olib borayotgan siyosatini qoralab kelayotgan Amerika Markaziy Osiyo hukumatlari qanchalik ehtiyotkor ekanini tan oladi. Vashington bu davlatlar hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligini quvvatlashda davom etadi, deya bildiradi Senat a'zolari.

Allan Mastard (Allan Mustard) Amerikaning qishloq xo'jaligi bo'yicha yetuk diplomat hisoblanadi. Rossiya, Hindiston, Meksika va Turkiya singari davlatlarda ishlagan. Turkmaniston bilan serqirra aloqalarni rivojlantirishga bel bog'lagan.

Allan Mastard (Allan Mustard) Amerikaning qishloq xo'jaligi bo'yicha yetuk diplomat hisoblanadi. Rossiya, Hindiston, Meksika va Turkiya singari davlatlarda ishlagan. Turkmaniston bilan serqirra aloqalarni rivojlantirishga bel bog'lagan.

Turkmanistonda elchi Robert Patterson o'rnini egallashga shay Allan Mastard ham uzoq yillik diplomat. Rossiya, Hindiston, Meksika, Turkiya va Avstriyada ishlagan. Asosiy vazifasi qishloq xo'jaligi sohasidagi aloqalarni rivojlantirish bo'lgan.

Obama ma'muriyati uni Amerikaning bu jihatdan yetuk mutaxassislaridan biri deb tanishtiradi. Mastard diplomatik faoliyatini 1980-yillarda Moskvadagi elchixonadan boshlagan. Vashington siyosiy doiralari uning Turkmanistonga elchi sifatida ko'rsatilishi o'ziga xos ishora deydi.

Turkmaniston Markaziy Osiyoda AQSh bilan eng tor hamkorlikka ega davlat. Qo'shni Afg'onistondagi xalqaro koalitsiyaga zarur yuk yetkazish, xususan uni yonilg'i bilan ta'minlashda ko'maklashganini hisobga olmasak, rishtalar cheklangan.

Robert Patterson davrida Ashgabatda bir necha tadbirlar o'tkazildi, jumladan AQSh olg'a surayotgan Yangi Ipak Yo'li tashabbusi doirasida anjumanlar o'tdi. Biroq ikki davlat orasidagi aloqalarda u qadar katta qadamlar tashlanmadi. Turkmaniston hukumati O'zbekiston singari o'z yoshlari Amerikada ta'lim olishiga ishtiyoqmand emas. Almashinuv dasturlariga shubha bilan qaraydi. G'arbcha ilm va tarbiya yosh avlodni vatandan uzoqlashtiradi, ayrim hollarda unga qarshi qayraydi degan tushuncha keng tarqalgan. Shu bois o'tgan 10 yil ichida Amerika ta'lim programmalarning aksariyati uchun bu ikki davlatda ruxsat yo'q.

Boshqa tomondan esa bu dasturlar uchun Kongress ham oldingidek mablag' ajratayotgani yo'q. Moliyaviy taqchillik sabab ularning ko'pi yopilgan, masalan yoshlarga Amerikada magistratura uchun o'qish imkonini taklif qilib kelgan Edmund Maski (Muskie) dasturi 2013-yilda to'xtatildi.

Krol va Mastard bilan gaplashgan demokrat senator Tim Keyn (Kaine) va uning savdoshlari Rossiya ta'siri va Xitoyning tobora oshib borayotgan rolini hisobga olib, mintaqada Amerika raqobat emas, imkoniyat izidan borishi kerak degan fikrda.

Ya'ni, deydi siyosatdonlar, Xitoy yaqin va yirik qo'shni sifatida Markaziy Osiyo bilan oldi-berdini kengaytirsa kengaytiradiki, bo'shashmaydi. Amerika esa o'z manfaatlari va ezgu maqsadlaridan kelib chiqqan holda mintaqaga o'ziga xos hamkorlik taklif qilishda davom etmog'i lozim.

Hukumatlar bugunga kelib bir narsani juda yaxshi tushunadi, deydi bu diplomatlar: erkinlikni cheklash hamkorlikni ham cheklaydi. Oshkoralik yetishmaydigan, korrupsiya chuqur ildiz otgan jamiyatlarga AQSh sarmoyasi kelishi qiyin.

Huquq va demokratiya targ'iboti shu bois ham juda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Lekin haqiqat shuki, o'tgan yillarda Amerikaning asosiy e'tibori bu sohada emas, balki Afg'onistondagi harbiy harakatlar uchun zarur hamkorlikda bo'ldi. Missiya tugab, qo'shinlar bu zaminni tark etayapti va Obama ma'muriyati mintaqaga nisbatan strategiyasini qayta ko'rib chiqishi kerak. Bu jarayon esa allaqachon boshlangan. Mintaqaga tayinlanayotgan elchilar zimmasiga shu tariqa yanada nozik va murakkab vazifalar yuklanmoqda.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG