AQSh: Markaziy Osiyoda Qozog'iston bilan eng sermahsul aloqalarga egamiz


Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Erlan Idrissov va AQSh Davlat kotibi Jon Kerri, Davlat departamenti, Vashington, 10-dekabr, 2014

Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Erlan Idrissov va AQSh Davlat kotibi Jon Kerri, Davlat departamenti, Vashington, 10-dekabr, 2014

10-dekabr kuni Vashingtonda Qozog’iston-AQSh konvensiyasi bo’lib o’tdi. Bu yillik siyosiy an’ana. Maqsad - hamkorlikni kuchaytirish, siyosiy targ’ibot va oliy darajali uchrashuvlar o’tkazish. Qozog’iston Tashqi ishlar vaziri Erlan Idrissov Davlat departamentida Amerika bosh diplomati Jon Kerri bilan muzokara olib bordi. Tomonlarning aytishicha, aloqalar mustahkam.

Vashington nazarida Qozog’iston Markaziy Osiyoning yetakchi davlati, nafaqat mintaqada balki xalqaro maydonda roli tobora oshib borayotgan mamlakat. Vaholanki, rishtalar diplomatlar bong urayotganidek “a’lo” emas. Biroq shunisi ham ayonki, Qozog’iston Amerika poytaxtida kuchli nufuzga ega, siyosiy va madaniy targ’ibot uchun millionlab dollar sarflab keladi.

Vashington tili bilan aytganda, Nursulton Nazarboyev rahbariyati G’arbda, xususan Amerikada o’zini qanday “sotish” ni biladi. Piar, siyosiy va biznes doiralar hamda jamoatchilik bilan ishlashda Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari u bilan tenglasha olmaydi. Sobiq Sovet mamlakatlari ichida eng kuchli lobbilardan biri ham ularniki.

Sabablaridan biri uning iqtisodiy jihatdan ancha oyoqqa turib olganidir. Ikkinchi sababi - G’arb siyosiy mentalitetini boshqalarga qaraganda yaxshiroq o’zlashtirgani. Bu yerda siyosatchilarni biror narsaga ko’ndirish uchun o’zingizning emas, ularning manfaatlariga ko’proq urg’u berasiz. Yillik anjuman boshlanar ekan, rasmiy nonushtaga AQSh Kongressining 25 dan ortiq a'zosi keldi. Har biri o’rnidan turib, Qozog’istonni ishonchli hamkor deya maqtadi.

Siyosiy muhokamada esa avvalo Tashqi ishlar vaziri Erlan Idrissov so’zga chiqib, Amerikaga Qozog’istonning asosiy boyligini eslatdi. Qora oltin emas, uning yoshlaridir.

“Resurs deganda biz asosan xalqimizning bilimi, mutaxassislarimiz va turli sohalarni egallagan va egallashga urinayotgan yoshlarimizni tushunamiz. Ular taraqqiyotini ta’minlash, ular uchun imkoniyatlar yaratish – hukumat uchun ustuvor vazifa. Shunga qaror qilganmiz. Amerika sarmoyasi va quvvatlovi bu maqsadlarimizga erishish uchun juda muhim. Qay yo’nalishda bo’lmasin, rivojlanishni xohlaymiz. 2050-yilgacha Qozog’iston dunyodagi 30 kuchli davlatdan biriga aylanish umidida”, - deydi Idrissov konvensiya ishtirokchilariga qarata.

Uning qayd etishicha, Ostona Vashington mintaqada olg’a surgan barcha tashabbuslarni yoqlaydi – Yangi Ipak yo’li barpo etish, mintaqaviy birdamlikka erishish, Afg’onistonni har tomonlama quvvatlash, qoradori savdosiga qarshi kurash, erkinlik va demokratiya sari shaxdam qadam tashlash.

"Biz hali o’zimizni Jefferson (AQSh asoschilaridan biri) olg'a surgan demokratiya shaklidagi davlat deb bilmaymiz, lekin erkin va farovon jamiyat bo’lishni istaymiz. Muammolar talay, ularni tan olamiz. Ularni bir pasda hal qila olmasligimiz, o’zgarish vaqt talab qilishi oydek ravshan”,- deydi Idrissov.

Qozog’iston, deydi u, Ukrainadagi vaziyatdan bag’oyat bezovta va bu mojaro tezlikda barham topishini istaydi.

Mamlakat Rossiya boshliq Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirgan. Belarus va Armaniston ham qo’shilgan blok, Ostona nazarida, uzoq muddatda iqtisodiy foyda keltiradi. Shimoldagi katta qo’shni bilan hamkorlikni mustahkamlash, sharqdagi ajdarho – Xitoy bilan sheriklik qilish, atrofdagi boshqa davlatlar bilan hisoblashib turish – tabiiy talablar.

Nazarboyevni uddaburo siyosatchi deb ataydigan Madlen Olbrayt, AQSh sobiq Davlat kotibi, konvensiyada so’zlar ekan, Obama ma’muriyatini Markaziy Osiyoda faolroq harakat qilib, Amerika manfaatlarini aniqroq tushuntirishga; AQSh qadriyatlarini kengroq yoyib, davlatlar bilan ochiqroq gaplashishga undadi.

Uning fikricha Qozog’iston, umuman olganda, to’g’ri yo’ldan ketmoqda, biroq inson huquqlari va demokratiya bobida tashvishlanarli hollar ko’p. Matbuot mustaqil bo’lishiga yo’l berilmayotgani, jurnalistlar va faollar nishonga olinishi, soxta ayblovlar bilan sudga tortilishi, erkinlikni oyoq osti qilish hollari ko’p, deydi Olbrayt.

“Demokratik taraqqiyot iqtisodiy taraqqiyot bilan yonma-yon ketsin”,- deydi u.

Amerika hukumati yillar davomida Qozog'istonni fuqaro erkinliklarini oyoq osti qilayotganlikda tanqid qilib keladi. Kongressga uzatilgan hisobotlarda respublika uzviy huquqlar muntazam ravishda poymol etiladigan, yulg'ichlik va korrupsiya sabab adolat ta'minlanmaydigan, muxolifat bo'g'ilgan va siyosiy-ijtimoiy islohotlar sust ketayotgan jamiyat sifatida tasvirlanadi.

Davlat departamentida Markaziy Osiyo bilan aloqalarga mas’ul Richard Xoagland Qozog’iston shubhasiz mintaqaviy lider deydi. Uning izohlashicha, tuzum har bir sohada oldinda va har bir masalani ochiq va dangal muhokama qilishga qodir.

“Qozog’istonga qarasak, bir narsa yaqqol ko’zga tashlanadi: boshqalar nazdida “buyuk o’yin” markazidagi davlat g’arbu sharq bilan til topishib, o’z manfaatlarini anglagan holda jadal harakat qilmoqda. Buyuk o’yin deganlarni dog'da qoldirib, buyuk yutuqlar sari qadam tashlamoqda”.

Biror tushunmovchilik yoki kelishmovchilik bo’lsa, Qozog’iston narigi tomon bilan birga yechim izlaydi. Bu uning siyosiy taraqqiyotidan darak, deydi Xoagland.

Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Erlan Idrissov, Davlat departamenti, Vashington, 10-dekabr, 2014

Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Erlan Idrissov, Davlat departamenti, Vashington, 10-dekabr, 2014

Qozog’istonni ko’kka ko’targan yana bir arbob bu Vashingtonda tanilgan tahlilchi Endryu Kachins (Andrew Kuchins) bo’lib, uning so’zlariga ko’ra ham Nursulton Nazarboyev o’z xalqining uzoq muddatli manfaatlarini ko’zlab ish ko’rayotgan rahbar. Tuzumni avtokrat deb qo’l siltash oson, deydi u tanqidchilarga qarata. Biroq Qozog’iston atrofidagi qudratli davlatlarga qarang va ularning nimaga qodirligiga e’tibor bering, deydi Kachins. Qozog’iston mintaqada Yevropa bilan ham, Osiyo bilan, Amerika bilan ham eng ko’p savdo qilayotgan davlat; iqtisodiy ko’rsatkichlar mintaqada eng yuqori darajada; islohotlar G’arb xohlaganidek jadal emasdir, korrupsiya ham juda chuqur ildiz otgan, biroq bu davlat vakillari oldingizga kelib, dardini ochiq bildirmoqda va keling, birga ishlaylik, deb qo’l uzatmoqda, deya maqtaydi Kachins.

Idrissov Vashingtonga bir kunlik safari sermahsul kechganini aytadi.

Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Erlan Idrissov va AQSh Davlat kotibi Jon Kerri, Davlat departamenti, Vashington, 10-dekabr, 2014

Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Erlan Idrissov va AQSh Davlat kotibi Jon Kerri, Davlat departamenti, Vashington, 10-dekabr, 2014

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri uni juda iliq kutib oldi va jumladan shunday dedi (VIDEO, ingliz tilida):

“Xavfsizlikni ta’minlash, iqtisodiyot va boshqa ko’plab sohalarda sherikmiz. “Islomiy davlat” va terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni mustahkamlab borayapmiz. Atom qurollari tarqalmasligi yo’lida, shuningdek, Afg’oniston, savdo va taraqqiyot bobida ham birga ishlab kelayapmiz. Biz Qozog’iston Jahon savdo tashkilotiga kirishi uchun qattiq harakat qilayapmiz. Mintaqada eng samarali aloqalarimiz Qozog’iston bilan desak xato qilmaymiz. Qozog’iston rahbariyatidan, uning faolligidan minnatdormiz.”

Yillik konvensiya yakunida qo'shma bayonot e'lon qilindi. Unda tomonlar global muammolarga yechim izlash, atom qurollari va materiallari yoyilmasligi yo'lida birga ishlash, inson huquqlari va demokratik taraqqiyot, savdo, sarmoya, energetika, Afg'oniston, xavfsizlik, harbiy hamkorlik, ilm-fan, ta'lim, texnologiya va rivojlanish bilan bog'liq barcha masalalarda bir-birining sherigi ekanini tan oladi.

Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Erlan Idrissov sharafiga AQSh Davlat departamentida tushlik ziyofat, Vashington, 10-dekabr, 2014

Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Erlan Idrissov sharafiga AQSh Davlat departamentida tushlik ziyofat, Vashington, 10-dekabr, 2014

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG