Qozog'istonga saylov ketidan yetti tavsiya


AQShdan borgan bir guruh ekspertlar fikricha mamlakatda muammolar ko'p, lekin bu safargi saylov mustaqil Qozog’istonda shu paytgacha o’tkazilgan eng tartibli, ochiq tanlov bo’ldi

AQShdan borgan bir guruh ekspertlar fikricha mamlakatda muammolar ko'p, lekin bu safargi saylov mustaqil Qozog’istonda shu paytgacha o’tkazilgan eng tartibli, ochiq tanlov bo’ldi

Qozog’istonda 15-yanvarda o’tgan parlament saylovlarini 819 xorijiy mutaxassis kuzatdi. Ulardan 309 nafari Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vakillari.

Ularning umumiy xulosasi shuki, saylov xalqaro talablarga javob bermadi, jarayon adolatli va oshkora kechmadi.

Qozog’iston hukumati nazarida bu tashkilot hisoboti noxolis va ijobiy o’zgarishlarni tan olmagan.

AQShdan borgan ayrim ekspertlar fikricha bu saylov mustaqil Qozog’istonda shu paytgacha o’tkazilgan eng tartibli, ochiq tanlov bo’ldi.

Ostona, 15-yanvar, 2012

Ostona, 15-yanvar, 2012

Kuzatuvchini saylovga kim taklif qilgani va safar uchun kim pul to’lagani muhim masala. Markaziy Osiyodagi adolatsiz saylovlarni tanqid qilgan g’arblik mutaxassislar odatda “g’arazli” tashkilotlarning odamlari deya inkor etiladi.

Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev davlati yana bir demokratik sinovdan o’tganini da’vo qilar ekan, tanqidchilarga mana shunday lan’at toshlari otmoqda. Vaholanki, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga 2010-yilda Qozog’istonning o’zi raislik qilgan.

Vashingtondan borgan ekspertlar guruhiga Xalqaro Soliq va Sarmoya Markazi (International Tax and Investment Center) degan nodavlat tashkiloti homiylik qilgan. Delegatsiya boshlig’i Daniel Uitt (Witt) bu muassasa rahbari.

Aytish joiz, Xalqaro Soliq va Sarmoya Markazi Qozog’iston hukumati bilan yaqin aloqalarga ega. Nazarboyev Qozog’istonda sarmoya muhiti rivojlanishida “sizning xizmatingiz katta” deya unga minnatdorchilik bildirgan.

Tashkilot Rossiya, Ukraina va Ozarbayjonda ham idoralarga ega. Daniel Uitt deydiki, saylovni kuzatish uchun delegatsiya safiga energetika, biznes, demokratik taraqqiyot, xalqaro aloqalar, siyosiy-harbiy hamkorlik bobida izlanib kelayotgan olimlar qo’shilgan.

“Maqsadimiz ezgu”,- deydi u, “saylov mamlakatning bugungi kunini aks ettiradi. Ko’rganlarimizni AQSh siyosiy va biznes doiralarga yetkazyapmiz”.

Daniel Uitt fikricha endi Qozog’iston parlamentida bir emas, uch siyosiy partiya vakillari o’tirishi – katta yutuq. 80 foizdan ortiq o’rin “Nur Otan”ga tekkan, 7,5 foizga yaqini “Ak Jol” demokratik partiyasiga, 7 foizdan sal oshig’i esa Kommunistik partiyaga.

Qozog'istonda shu kungacha o'tgan biror saylov Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tomonidan demokratik deb topilmagan

Qozog'istonda shu kungacha o'tgan biror saylov Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tomonidan demokratik deb topilmagan

Guruh 12-14 yanvar kunlari saylovda qatnashgan siyosiy partiyalarning yetakchilari bilan muloqot qilgan. Saylov kuni ular 69 uchastkada bo’lib, jarayonni kuzatgan, xususan Ostona, Almati, Qarag’anda, Ust-Kamenogorsk va Janao’zenda.

Ariel Koen (Cohen), Vashingtondagi “Heritage” (Heritage Foundation) tadqiqot markazida yetakchi mutaxassis. “Nur Otan”, uning fikricha, hali yana ancha vaqt hukmronlikda qoladi, chunki boshqa partiyalar xalq ko’ngliga yo’l topa olmagan. Siyosiy jihatdan o’sishi kerak ular, deydi u, buning uchun esa sharoit kerak.

Guruh tavsiyalari:

- Saylovda barcha siyosiy partiyalar erkin qatnasha olsin;

- Partiyalar birlashib, blok sifatida o’z nomzodlarini qo’ya olsin;

- Parlamentga kirish uchun kamida 7 foiz emas, 5 foiz ovoz talab qiling;

- Partiya va nomzodlarni ro’yxatga olishda qonun ustuvorligini ta’minlang;

- Nomzodlar TV orqali ko’proq bahslashsin, omma bilan muloqot qilsin;

- Deputatlar va saylovchilarni bir-biriga yaqinlashtirish uchun zarur mexanizmlar joriy eting;

- Siyosiy guruhlarni rivojlantirish va mustahkamlash uchun xorijiy partiyalar, agentliklar va xalqaro tashkilotlardan ko’proq yordam so’rang.

IFES, Saylov tizimlari bo’yicha xalqaro jamg’arma vakili Entoni Boyer bu tavsiyalarni ma’qullaydi. Uning tashkiloti saylovni kuzatmagan, lekin uzoq yillardan beri Qozog’istonda ishlab keladi.

Vashingtondagi “Jeymstaun” ilmiy tadqiqot o’chog’i (The Jamestown Foundation) vakili Vladimir Sokor (Socor) fikricha, Qozog’iston ochila boshlagan va bu jarayon davom etishi kerak. Iqtisodiy taraqqiyot tuzumni o’zgarishga majbur qilishi tabiiy va hukumat xalq talabini inobatga olishni o’rganmoqda, deydi u.

Ovozlarni sanash jarayoni

Ovozlarni sanash jarayoni

Daglas Taunsend (Douglas Townsend) 1995-97 yillarda Avstraliyaning Qozog’istondagi elchisi bo’lgan. Bugun Xalqaro Soliq va Sarmoya markazida ishlaydi.

“Siyosatchilar va fuqarolar bir-biridan juda yiroq”,- deydi u, Qozog’istondagi vaziyatni sharhlar ekan.

Neftdan tushgan daromad butun xalq ravnaqi uchun xizmat qilmayapti. Ishsizlik ko’lami juda keng. Aholining yarmi kambag’al. Parlament shu paytgacha nimani epladi va yangisi endi nima karomat ko’rsatadi? Mana shu muhim savol, deydi keksa diplomat. Qozog’iston aholisi bu savolga javobni o’zi yaxshi biladi, deya qo’shadi u.

Saylovga bir oy qolganida mamlakat g’arbida, Janao’zen shahrida hukumatga qarshi qozg’olon yuz berdi. Rahbariyat bu fuqarolar namoyishi emas, “bezori guruhlar” ishi deya vaziyatni o’nglashga urindi.

Oradan bir oy o’tib, shunisi ayonki, Janao’zenda qashshoq aholi Ostonadagi rahbarlarga qarshi bosh ko’targan. Militsiya namoyishchilarga qarata o’t ochgan. 17 kishining o’limi bilan yakunlangan voqealar ustidan tergov davom etmoqda. Qozog’iston hukumati jinoyatchilar adolat oldida javob beradi, Janao’zenni rivojlantiramiz, xalq dardiga quloq tutamiz, deya va’da bergan.

Yana bir kuzatuvchi, Janao’zenga safar qilib vaziyat bilan tanishib, saylov kuni ovoz berish markazlarida bo’lgan Margarita Assenova deydiki, shahar va uning atrofidagi hayot Ostona va Almatidagi manzara bilan taqqoslaganda, yeru osmon.

Janao'zen, 17-dekabr, 2011

Janao'zen, 17-dekabr, 2011

1968-yilda sanoat posyolkasi sifatida vujudga kelgan Janao’zenda, deydi Margarita Assenova, bugun 120 ming odam yashaydi. Sharoit og’ir, yo’llar va infratuzilma ta’mirga muhtoj, ish yo’q, rivojlanish yo’q. Suv taqchil. Yoshlar ketib qolgan. Katta yoshdagilar esa bir amallab kun ko’rmoqda. Neft konlarida ish kamayar ekan, ilojsiz aholi qayga borishini bilmaydi.

Janao'zen, 17-dekabr, 2012

Janao'zen, 17-dekabr, 2012

Mana shunday qiyin davrda shahar markazida mustaqillikning 20 yilligini bayram qilishga kimning holi bor? G’azabga to’lgan fuqarolar bezaklarni buzishga tushgan, deydi Margarita Assenova, “Jeymstaun” vakili.

Uning kuzatishicha, saylovga kam odam chiqqan. “Tizzagacha loyga botib, turli mahalla va uchastkalarda bo’ldim”, - deydi mutaxassis. “Lekin ovoz berishda xato va muammolar ko’rmadim”.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG