Breaking News

Keniyadagi terror hujumlarida o'nlab odamlar o'lgan


21-sentabr kuni Keniya poytaxti Nayrobida yirik savdo markazida yuz bergan terror xurujlarida kamida 40 odam o’lgan va qariyb 300 kishi jarohatlangan.

Somalida asoslangan va al-Qoida bilan aloqador al-Shabab guruhi hujumlar uning ishi ekanini tan olgan.

“Westgate Mall” deb atalgan inshootga qurollangan shaxslar bostirib kirgan va odamlarni o’qqa tutgan. Granatalar ham otilgan.

Voqea savdo markazi eng gavjum bir paytda sodir bo’lgan.

Xavfsizlik xodimlari jangarilar bilan olishgan. Ko’plab insonning hayoti ularning say-harakati bilan saqlab qolingani aytilmoqda.

“Westgate Mall” boylar bozor qiladigan joy, shuningdek, xorijliklarga ham to’la.

Bir necha odam garovga olingani ma'lum. Keniya rasmiylari savollarga “aniq bilmaymiz” deya javob bermoqda.

Ekstremistlar Keniyani Somalidagi urushga aralashganlikda ayblab keladi. Mutaassib kuchlar Somalida islomiy tuzum o’rnatish uchun uzoq yillardan beri hukumat bilan olishib keladi.

“Twitter” ijtimoiy tarmog’ida qilgan bayonotida al-Shabab Keniya jazosini olishi kerak deya yozadi.

Ikki yil oldin Keniya kuchlari Somali hukumatiga yordam berish uchun bu mamlakatga kirgan va al-Shabab odamlarini o’ldirgan.

AQSh Davlat departamentining bildirishicha, bugungi hujumlarda jarohatlanganlar orasida amerikaliklar ham bor.

Vashington voqeani qoralagan. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Keniya rahbariyati bilan bog’lanib, hamdardlik bildirgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG