Keniya universitetidagi hujumda o’lganlar qariyb 150 ga yetdi

  • Amerika Ovozi

Garissa universiteti talabalari

Garissa universiteti talabalari

Keniya sharqida jangarilar Garissa universitetiga hujum qilib, 147 kishini o'ldirgan, 79 nafari jarohat olgan. Voqea Somali chegarasiga yaqin joyda sodir bo'lgan.

Ichki ishlar vazirligiga ko'ra, 500 talaba qutqarilgan, yana 160 nafaridan darak yo’q. Ular garovda ushlab turilgani taxmin qilinadi.

Al-Shabab jangari guruhi keniyalik askarlar Somalida jang qilayotgani uchun bu hujumni uyushtirganini bildirdi. Politsiyaga ko’ra, qurollangan shaxslar universitetga kirib, o’tgan-ketganni otib tashlagan. Jangarilardan to’rt nafari otishmada o’lgan.

Keniya hukumati Muhammad Mohamud ismli shaxsni qidirib topish uchun 200 ming dollar mukofot puli e’lon qildi. Mohamud al-Shababning Keniyaga qarshi operatsiyalarini boshqaradi.

Guvohlarga ko'ra, jangarilar universitet talabalaridan musulmon yoki nasroniy ekani haqida so’ragan. Musulmonlar qo'yib yuborilgan, nasroniylar esa garovga olingan. Al-Shababga qarshi barchani yo'q qilamiz, deydi ular.

Poytaxt Nayrobidan 370 kilometr narida joylashgan Garissa shahrida hozir komendant soati e’lon qilingan.

AQSh rahbari Barak Obama shu yoz Keniyaga safar qilib, Afrika iqtisodiy taraqqiyotiga bag'ishlangan anjumanga boshchilik qiladi. Obamaning otasi keniyalik musulmon bo'lgan, onasi esa amerikalik nasroniy. Ular Gavayi Universitetida tanishgan.

Obama Oq uyga harakat qilayotgan paytlar va saylovda go'lib chiqqanidan keyin ham uning Keniyada tug'ilgani haqida asossiz mish-mishlar tarqalgan edi. So'rovlarga qaraganda hatto bugun ham har besh amerikalikdan biri Obamaning AQSh fuqarosi ekaniga ishonmaydi.

Gavayi shtatida dunyoga kelgan Obama yoshligida Keniyaga borgan. 2006-yilda senator sifatida u yerda bo'lgan. Prezident shu yilning iyul oyida safar rejalamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG