Kerri Afg'onistonda prezidentlikka da'vogarlar bilan uchrashdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (o'ngda) Afg'oniston prezidentligiga nomzodlardan biri Abdulla Abdulla bilan, Kobuldagi AQSh elchixonasi, 11-iyul, 2014-yil.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (o'ngda) Afg'oniston prezidentligiga nomzodlardan biri Abdulla Abdulla bilan, Kobuldagi AQSh elchixonasi, 11-iyul, 2014-yil.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri prezidentlikka da’vogar ikki arbob o’rtasida kelib chiqqan siyosiy inqirozni bartaraf etishda vositachilik qilish uchun Afg’onistonga tashrif buyurdi. Kobuldagi muzokaralar ertaga ham davom etadi.

Prezidentlik uchun bo’lib o’tgan saylovning ikkinchi bosqichida ishtirok etgan Abdulla Abdulla hamda Ashraf G’anining har biri g’alaba qozonganini da’vo qilmoqda. Saylovning ilk natijalari Ashraf G’anining bir million ovoz bilan oldinda borayotganini ko’rsatgan.

Bugun Kobulda Kerri bilan uchrashgan G’ani saylov davomida yuz bergan firibgarliklarni aniqlash uchun tekshiruv o’tkazish haqidagi AQSh chaqiriqlariga qo’shilishini bildirgan. Uning aytishicha, saylov jarayoniga xalq ishonchini qayta tiklash uchun “tezkor va keng ko’lamli tekshiruv” o’tkazish lozim.

Kerri Afg’onistonning amaldagi prezidenti Hamid Karzay bilan ham gaplashgan. U, shuningdek, Kobuldagi AQSh elchixonasida prezidentlikka nomzod Abdulla Abdulla bilan ham uchrashgan.

Kerri Afg’onistonda qilgan bayonotida mamlakatning o’ta og’ir vaziyatda turganini ta’kidlagan.

“O’tish davrining silliq kechishi muvozanatga bog’liq, shuning uchun hali qiladigan ishimiz ko’p”, - dedi Kerri.

Abdulla saylovning ilk natijalarini rad etib, agar ovozlarni qayta sanab chiqish haqidagi talablari bajarilmasa, o’zi mustaqil yangi hukumat tuzishi haqida ogohlantirgan. Bunga javoban, Kerri uni noqonuniy hokimiyatni egallashdan tiyilishga chaqirgan.

AQSh saylov natijalari bo’yicha hech bir tomonni qo’llab-quvvatlamasligini, ammo jarayonning ochiq va oshkora o’tishi tarafdori ekanini aytadi.

Ashraf G'ani, Jon Kerri Kobulda

Ashraf G'ani, Jon Kerri Kobulda

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG