Kerri Halabga hujumlarni to'xtatishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Halab shahri, Suriya

Halab shahri, Suriya

Rossiya Mudofaa vazirligi vakili general-leytenant Sergey Kuralenkoning ma'lum qilishicha, AQSh Suriyaning Halab viloyatida ham sulh joriy etishni talab qilganidan so'ng Rossiya bilan bu borada muzokaralar kechmoqda.

Kuralenkoga ko'ra, poytaxt Damashq tevaragidagi Sharqiy Guta va shimoldagi Latakiya viloyatida jangovar harakatlarni qo'shimcha 24 soatga to'xtatish xususida kelishildi.

"Suriyada tinchlik bo'lishini istagan barcha tomonlarni AQSh-Rossiya tashabbusini qo'llab-quvvatlashga, sulhni buzmaslikka chaqiramiz", - dedi rus generali Rossiyaning Suriyadagi Xmeymim harbiy bazasidan turib.

Rossiya sulhni "sukunat rejimi" deb atamoqda.

So'nggi paytda Suriya armiyasining Halabga hujumlari kuchaygan. AQSh va G'arb davlatlari Halabda isyonchilar bor desa, Rossiya shahar al-Qoidaning Suriyadagi qanoti - "Jabhat al-Nusra" qo'lida ekanini da'vo qiladi. Ayrim kuzatuvchilarga ko'ra, ba'zida isyonchilar va nusrachilar o'rtasidagi farqni bilish qiyin.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri yakshanba kuni Jenevaga yo'l oldi. Davlat departamentiga ko'ra, u janglarni to'xtatishga qaratilgan harakatlar xususida gaplashadi.

Kerri BMTning Suriya bo'yicha maxsus elchisi Staffan de Mistura bilan telefon orqali so'zlashib, Halabda ham jangovar harakatlarni to'xtatish kerakligiga urg'u berdi. AQSh davlat kotibi Assad kuchlari hujumlarni davom ettirayotganidan xavotir bildirib, ularni begunoh fuqarolarni nishonga olayotganlikda aybladi.

Suriya harbiy-havo kuchlari Halabda isyonchilarni 30 bor havodan nishonga olib, besh kishini o'ldirgan.

Juma kuni 80 dan ziyod xalqaro va Suriya nodavlat tashkilotlari Prezidentlar Barak Obama va Vladimir Putinga murojaat qilib, qon to'kilishlarini to'xtatishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG