Kerri terrorizm, ekstremizmni yengish strategiyasini e'lon qildi

  • Amerika Ovozi

Davosda Jahon iqtisodiy forumida, koalitsiya tarkibidagi ittifoqchilar oldida so'zlar ekan, Kerri muvaffaqiyat kaliti mas'uliyatli hukumatda, mustahkam iqtisodiyotda, barcha uchun teng siyosiy va ta'limiy imkoniyatlarda, dedi.

Davosda Jahon iqtisodiy forumida, koalitsiya tarkibidagi ittifoqchilar oldida so'zlar ekan, Kerri muvaffaqiyat kaliti mas'uliyatli hukumatda, mustahkam iqtisodiyotda, barcha uchun teng siyosiy va ta'limiy imkoniyatlarda, dedi.

Amerika bosh diplomati Jon Kerri jahon ahlini olovli nuqtalarda islomni qalqon qilib bolalarni o'ldirayotgan, insoniyatga qarshi vahshiyotna jinoyatlar sodir etayotgan guruhlardan ogoh bo'lishga undadi.

Suriya, Iroq, Nigeriya, Somali kabi o'lkalarda bu kuchlar islomni pesh qilsa-da, ularni islomiy guruhlar deya atashga shoshmang, dedi Kerri Davosda Jahon iqtisodiy forumida so'zlar ekan.

Qabih, savodsiz, internetda tezda tahdidli shuhrat qozonishga o'ch bu jinoiy to'dalarni islom bilan bog'lash xato bo'ladi, deya eslatdi Jon Kerri.

Diplomatning ittifoqchilar davrasidagi bu murojaati ekstremizm va terrorizmga qarshi uzoq muddatli, samarali kurash strategiyasi, deya ta'riflanmoqda.

Koalitsiya tarkibidagi ittifoqchilarga yuzlanar ekan, Kerri muvaffaqiyat kaliti mas'uliyatli hukumatda, mustahkam iqtisodiyotda, barcha uchun teng siyosiy va ta'limiy imkoniyatlarda, dedi.

AQSh diplomati Iroq va Suriyada jangarilarga qarshi xalqaro koalitsiya erishgan yutuqlarni olqishladi. Minglab jangarilar yo'q qilindi, moliya manbalari to'sildi, yetakchilar o'ldirildi. Lekin gap faqat miltiq ko'tarib jang qilishda emas, deya eslatdi Kerri.

Diplomat jahon hamjamiyatini Yaman, Shimoliy Afrika, Somali va Nigeriyada xavfsizlikni mustahkamlash uchun bir yoqadan bosh chiqarishga da'vat etayapti. Kerri, xususan, tez kunda Nigeriyaga safar qilmoqchi.

Uning bot-bot ta'kidlashicha, ekstremizm va terrorizmni tag-tugi bilan qo'porish uchun nafaqat jang maydonida, balki sinfxonalarda, diniy markazlarda ishlash kerak. Farovon, tinch hayot uchun asos o'sha yerda yaraladi, dedi diplomat.

Kelasi oy Vashingtonda o'tadigan xalqaro sammitda ham Prezident Obama aynan ana shu reja ijrosiga qaytadi.

Aytish kerak, Jon Kerri jangarilar haqida to'xtalayotib, "Islomiy davlat" iborasi o'rniga "Daesh" so'zini qayta-qayta qo'llab keladi. Davosda ham xuddi shunday qildi.

Kerri shu tariqa guruhning nafsoniyatiga tegib, izza qilmoqda. "Daesh" arabchada "Iroq va Suriya Islomiy davlati" iborasidan qisqartma. Lekin so'z ko'rinishida "oyoq bilan ezib tashlash" ma'nosini ham beradi. Turli manbalarda aytilishicha, "Islomiy davlat" jangarilari bu iborani haqoratomuz deya ko'rib, uni qo'llaganga o'limni ravo ko'rib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG