Kerrining Osiyo safariga Yaponiya kiritilmadi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Osiyoga safar qilmoqda. U Xitoy va Janubiy Koreyada rasmiylar bilan muzokara olib boradi. Ammo Yaponiyaga borish rejaga kiritilmagan. Vashington bilan aloqalar kelajagi mavhum ekan, Tokio tobora Rossiya va Hindistonga yaqinlashmoqda, deydi kuzatuvchilar.
Xitoy dengizda faollikni oshirar ekan, Yapon askarlari bahsli orollarni himoya qilish uchun mashg’ulotlardan o’tmoqda.

Vaziyat nozik bo’lgan bir paytda Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abening Yasukuni ibdatxonasiga tashrif buyurishi AQSh bilan munosabatlarga sovuqlik soldi. Bu ibodatxona II Jahon urushida halok bo’lgan yapon jangchilari xotirasiga bag’ishlab qurilgan. Ular orasida urush jinoyatlarida ayblangan 14 kishining nomi ham bor.

Shinzo Abe bu yerga hech qanday nafrat va adovatsiz, faqat o’tganlar ruhini yod etish uchun kelganini aytadi.

AQSh esa bundan norozi bo’lib, Tokioni tarixning bahsli mavzulariga ehtiyotkorlik bilan yondashishga chaqirdi.

Shu tariqa Abe siyosiy bosimga yuz tutmoqda, deydi Amerika universiteti professori Lu Gudman.

“Abe bu gap-so’zlarga va ularning xalqaro oqibatlariga e’tibor bermaslikni ma’qul ko’rdi. Bu esa tashqi aloqalar uchun yaxshi emas”, - deydi u.

Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yiga ko’ra, Yaponiya urush davridagi bosqinchilikni oqlashga urinyapti.

“Abening noto’g’ri tarix talqiniga yopishib olgani xalqaro miqyosda tan olingan haqiqat va adolatga zid keladi”, - deydi u.

Tokio va Vashington or’tasiga tushgan sovuqlikdan Pekin manfaatdor, deydi Amerika tadbirkorlik institutining Yapon tadqiqotlari bo’limi rahbari Maykl Oslin.

“Shu ishlarni deb 50 yillik ittifoqchilar aloqalari buzilsa, bu boshqalarga yaxshi ko’rinmaydi. Bir-birini oshkora ayblash va tanqidga olish, masalan, Yasukuni masalasida, boshqa ittifoqchilar bilan aloqalarga ham salbiy ta’sir ko’rsatadi”, - deydi u.

O’tgan hafta AQSh Davlat kotibi Kerri va Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Fumio Kishida uchrashganda, ibodatxona masalasi tilga olinmadi. Buning o’rniga ular iqtisodiy va harbiy hamkorlikka e’tibor qaratishdi.

“Nima bo’lishidan qat’i nazar, Yaponiya AQShning muhim ittifoqchisi va kelajakda ham shunday bo’lib qoladi. Lekin Yaponiya boshqa ittifoqchilar qidirayotgani ham rost”, - deydi tahlilchi Gudman.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Yaponiyani tabiiy hamkor deb atadi. Uning aytishicha, u Abe bilan ikki davlat o’rtasidagi hududiy nizolarni tugatish ustida ishlayapti.

Ayni paytda Hindiston Bosh vaziri Manmohan Singh yaponiyalik hamkori bilan mudofaa va savdo, jumladan, tinch maqsadlarda yado energiyasidan foydalanish sohalarida yangi bitimlar tuzmoqda.

“Yaponiya va Hindiston o’zaro umumiy manfaatlar topayotgani va ular bu ishda Vashington fikrini bilishga qiziqmayotgani aniq. Bu aslida mintaqa uchun, hatto AQSh uchun ham foydali bo’lishi mumkin. Lekin ular bu ishni AQShdan ko’ngli qolgani uchun boshlagan bo’lsa, bu yaxshi emas”, - deydi Maykl Oslin.

Kerrining Osiyo safari Janubiy Koreyadan boshlanadi. Seul ham Tokio bilan orollar yuzasidan bahsli hududlarga ega.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG