Jon Kerri: Sekvestr AQSh tashqi siyosatiga zarar

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Virjiniya universitetida so'zlamoqda, Sharlotsvil, Virjiniya, 20-fevral, 2013-yil.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Virjiniya universitetida so'zlamoqda, Sharlotsvil, Virjiniya, 20-fevral, 2013-yil.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, agar 1-martdan avtomatik byudjet qisqartirishlari kuchga kirsa, Qo’shma Shtatlar tashqi siyosati va sarmoya qudrati zarar ko’radi. Oq uy va Kongress byudjet sarfiyatlari bo’yicha haligacha kelisha olmagan.

Jon Kerri Virjiniya universitetida talabalar oldida so’zladi. Bu uning davlat kotibi lavozimiga tayinlanganidan beri ilk chiqishidir. Kerrining aytishicha, tashqi moliyaviy yordam kesilsa, dunyoda barqarorlik va taraqqiyot uchun xizmat qilayotgan dasturlar zarar ko’radi, xorijiy kompaniyalar bilan raqobat qilayotgan AQSh firmalari zaiflashadi, ittifoqchi davlatlar zarur mablag’dan ayriladi.

"Tashqi yordam bu xayriya ham, havoga sovurilayotgan pul ham emas. Bu Amerikani kuchli, dunyoni esa erkin qilish uchun zarur sarmoyadir. Tashqi yordam hisobiga ittifoqchilarimiz oyoqqa turib, biz bilan umumiy manfaatlar yo’lida hamkorlik qiladi", - dedi davlat kotibi.

Kerrining aytishicha, agar Qo’shma Shtatlar bu ishni uddalay olmasa, bo’sh qolgan maydonga boshqalar keladi.

"Ayrimlar bu dasturlar davlatga qimmatga tushmoqda, avval byudjet muammolarimizni hal qilaylik, deyishi mumkin, albatta, ammo muammolar tugamaydi, kelajak tomon dadil qadam bilan yurishimiz kerak".

Byudjet o’tgan yil oxirigacha qabul qilinishi kerak edi, ammo prezident Obama va Kongressdagi respublikachilar til topisha olmagach, tomonlar mudofaa, ijtimoiy va boshqa dasturlar uchun pulni yana uch oyga kesmaslikka qaror qildi. Biroq keyingi uch oyda ham siyosatchilar byudjet kamomadini yopish bo’yicha murosaga kelmagan ko’rinadi.

Vakillar Palatasining spikeri, respublikachi Jon Beynerning aytishicha, prezident sekvestrning oldini olmoqchi bo’lsa, ya’ni sarfiyatlarning avtomatik qisqarishini istamasa, murosa qilishga majbur.

Vashingtondagi Jons Xopkins nomidagi universitet professori Rut Vejvudning aytishicha, sekvestr kuchga kirsa, ikkinchi muddatga kirishgan prezidentning obro’siga dog’ tushadi.

"Buning oqibatlari qanday bo’lishini aytish qiyin", - deydi u.

Ayrim hisoblarga ko’ra, sekvestr byudjetni 85 milliard dollardan ayirishi mumkin. 750 mingga yaqin odam ishini yo’qotishi aytilmoqda.

Tahlilchilar nazarida respublikachilar byudjet kamomadi sekvestr hisobiga qisqarishiga umid qilmoqda, lekin shu bilan birga bu iqtisodiy tanazzulni yanada kuchaytirishi mumkin. Bunday vaziyatda saylovchilar Kongressni boshqarayotgan ko’pchilikni, ya’ni respublikachilarni aybdor deb biladi. Bu esa Oq uyga qo’l keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG