Breaking News

Kerri Tojikiston va Turkmanistonda bo'ldi


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Dushanbe, 3-noyabr, 2015-yil
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Dushanbe, 3-noyabr, 2015-yil

Markaziy Osiyo safari doirasida AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bugun Tojikiston va Turkmanistonda bo'ldi. Bu Kerrining mintaqaga ilk safari. Afg'onistondagi vaziyat, iqtisodiy munosabatlar, xavfsizlik muammolar haqida gap ketgan.

Jon Kerri Ashgabatda Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov bilan muloqot qildi.

"Hamkorlikda zamonaviy iqtisodiyot uchun zarur hunarlarni egallashda Turkmaniston yoshlariga yordam berishimiz mumkin", - dedi davlat kotibi.

Unga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Xitoy va Rossiya bilan Markaziy Osiyo uchun kurashishni istamaydi, bu ishda eng muhimi hamkorlik.

"Markaziy Osiyo qit'ani zamonaviylashtirishda taraqqiyot dvigateli bo'lishini istaymiz", - dedi u.

Turkmaniston Kerri uchun regionda so'nggi bekat edi. Undan oldin u Dushanbeda ham bo'lib, Afg'oniston bilan eng uzun - 1300 kilometrlik chegaraga ega Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon bilan xavfsizlik haqida gaplashdi.

"Iqtisodiy muammolarni hal etishda, xavfsizlikni ta'minlashda Tojikiston bilan hamkorlik qilishni istaymiz", - dedi Kerri.

Davlat kotibiga ko'ra, AQSh Tojikistonga ekstremizmga qarshi kurashda yordam berishga tayyor, biroq bu kurash hukumat tanqidchilarining ovozini o'chirishga qaratilmasligi kerak.

"Zo'ravon ekstremizga qarshi kurash bilan bir qatorda inson huquqlari, diniy erkinlik, fuqarolarning siyosiy jarayonlarda ishtirok etish imkoniyati cheklanmasligi kerak", - dedi u.

Kerri Tojikiston va Turkmanistonda bo'ldi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:48 0:00


Aynan shu mavzuda Kerri kecha Ostonada Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev nomidagi universitetda talabalar oldida so'zladi.

"Siyosiy raqiblarni qamash, fuqarolik jamiyati faoliyatini cheklash, noroziligini tinch yo'l bilan bildirayotgan faollarni ekstremist deb tamg'alash teskari natija beradi, terrorchilarga qo'l keladi. Nozo'ravon o'zgarishlar uchun yo'l yopiq bo'lsa, ekstremizm uchun yo'l ochiladi", - dedi Kerri.

Davlat kotibi Ostonada to'rtinchi AQSh-Qozog'iston strategik sheriklik muloqotida qatnashdi. U Qozog'istonni Qozoq xonligining 550 yilligi bilan tabrikladi, Nazarboyev hukumatining Ukrainada fuqarolar urushiga barham berishga qaratilgan Minsk tinchlik jarayonidagi ishtiroki va Ukraina bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirganini olqishladi. Muloqot chog'ida ikki davlat rasmiylari "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda hamkorlik qilishga kelishdi.

Jon Kerri shanba kuni Qirg'izistonda, yakshanba kuni esa O'zbekistonda ham bo'lib, Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari yig'ilishida qatnashdi.

AQSh matbuoti Kerrining Prezident Islom Karimov bilan uchrashuvi chog'ida amerikalik jurnalistga savol berishga imkon berilmay, uning zaldan chiqarib yuborilganini muhokama qilmoqda.

Kecha Davlat departamentidagi brifingda qator jurnalistlar voqea bo'yicha norozilik bildirdi.

"O'zbekistonda inson huquqlari bilan bog'liq vaziyatning ayanchli ekanini Amerikaning o'zi tan olayotgan bir paytda AQSh delegatsiyasi tarkibidagi jurnalistning amerikaliklar tomonidan xonadan itarib chiqarilishi to'g'ri emas", - dedi "Assoshieytid Press" axborot agentligining Davlat departamentidagi muxbiri Mettyu Li.

Departamentning matbuot bilan aloqalarga mas'ul rasmiysi Elizabet Trudo "voqea tafsilotlarini o'rganyapmiz" deyish bilan cheklandi.

Bunga javoban brifingda qatnashayotgan yana bir jurnalist "agar savolimizga javob berishni istamasangiz, bunday safarlarga bizni ortiq taklif qilmang", dedi.

"Biz dunyoning boshqa chekkasiga savolimizga javob olish uchun boramiz. Agar bizni xonadan haydab chiqaradigan bo'lsangiz, boshqa chaqirmang", - dedi muxbir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG