Kerri: Xitoy bizning elektron maktublarimizni o'qiyotgan bo'lishi mumkin

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, xitoylik va rossiyalik xakerlar uning elektron maktublarini o’qiyotgan bo’lishi mumkin.

Yaqinda AQSh hukumati internet tarmoqlariga qilingan hujumlar ortida shu ikki davlat turgani taxmin qilinadi.

Kerri “CBS” telekanaliga bergan intervyusida elektron xatlarining o’qilayotgani ehtimoli juda yuqori ekanini aytdi.

“So’nggi kunlarda ular Amerikaning bir necha manfaatlariga hujum qilganini bilamiz”, - dedi bosh diplomat.

Oxirgi yillarda AQSh hukumati va biznes kompaniyalariga kiber xurujlar soni oshgan. Ularning ortida Xitoy turgani aytiladi. Pekin esa bu ayblovlarni qat’iy inkor qiladi.

Shu yil boshida hukumatning katta agentliklaridan biriga tegishli kompyuterlar hujumga uchrab, 21 million federal ishchining ma’lumotlari o’g’irlandi. AQSh rasmiylari xurujda Xitoyni gumon qiladi, ammo Pekinga qarshi oshkora ayblov qo’yilmadi.

Iyul oyida Pentagondagi harbiy shtab elektron pochtalari tarmog’iga qilingan hujumni esa Rossiyada davlat himoyasidagi xakerlar amalga oshirgani da’vo qilindi. Hodisada 4000 harbiy va fuqarolik darajasidagi xizmatchilarning ma’lumoti o’g’irlangan. Maxfiy hujjatlarga daxl qilinmagan.

“NBC News” tarqatgan xabarga ko’ra, xitoylik xakerlar xavfsizlik va savdo bo’yicha AQSh rasmiylarining shaxsiy elektron maktublarini 2010-yildan beri kuzatib kelgan. Lekin xakerlar rasmiy emas, balki faqat shaxsiy elektron pochtalarga kira olgani aytilmoqda.

Aynan qaysi rasmiylar bunday hujumga uchragani oshkor qilinmagan. Lekin sobiq Davlat kotibi Xillari Klintonning aynan shu yillar davlat ishlarini o'zining shaxsiy elektron pochtasi orqali olib borgani katta shov-shuv uyg'otib, ayni damda tekshirilmoqda.

Kerrining aytishicha, AQSh Xitoy rasmiylari bilan muloqotlarda kiber xavfsizlik masalasini tez-tez va juda jiddiy darajada muhokama qilmoqda. Prezident Barak Obama sentabrda Xitoy Prezidenti Si Zinpin bilan Vashingtonda ko’rishganda ham shu mavzuni ko’taradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG