Yevropada korrupsiyaga qarshi sammit

  • Amerika Ovozi

Amerika bosh diplomati Jon Kerri Yevropa bo'ylab to'rt kunlik safarini boshladi. Britaniyada u korrupsiyaga qarshi xalqaro anjumanda ishtirok etadi.

Payshanba ish boshlaydigan bu sammitga Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron mezbonlik qilib, unda Afg'oniston rabari ham qatnashadi.

Sammit global korrupsiya muammosiga e'tibor qaratadi. Bir necha hafta oldin fosh qilingan Panama mashmashasida Kameronning otasi chet davlatda offshor hisob ochgani va unda bosh vazirning ham hissasi bor ekani ayon bo'lgan edi. Britaniya bosh vaziri xato ish qilgan emasman, deydi.

Panama mashmashasiga doir qog'ozlar bugundan e'tiboran jamoatchilik e'tiboriga havola qilingan. Unda, jumladan, jahonning eng mashhur va boy kishilari chetda saqlayotgan yashirin mol-dunyo haqida so'z boradi. Bu pullar soliq to'lashdan bosh tortish, poraxo'rlik hollari bilan bog'liq bo'lishi mumkin.

Kameronning aytishicha, poraxo'rlik, korrupsiya jahondagi muammolar tubida yotgan asosiy sabablardan.

Mazkur sammit korrupsiyaga qarshi xalqaro kurash boshlash uchun imkoniyatdir, deydi Britaniya bosh vaziri.

Rossiyadan anjumanda Tashqi ishlar vaziri muovini Oleg Siromolotov, Norvegiyadan Bosh vazir Erna Solberg qatnashadi.

Jon Kerri Yevropa bo'ylab safari davomida Parijda to'xtab, Tashqi ishlar vaziri Jan Mark Ayrol bilan ko'rishadi va Suriya, Ukrainadagi ixtiloflar haqida gaplashadi.

Amerika bosh diplomati, shuningdek, Oksford Universitetida bo'lib, talabalar oldida so'zlashi kutilayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG