NATO sammiti oldidan Jon Kerri Gruziyaga bordi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (chapda) va Gruziya Tashqi ishlar vaziri Mixail Janelidze

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (chapda) va Gruziya Tashqi ishlar vaziri Mixail Janelidze

Qo'shma Shtatlar Gruziyaga o'zini tashqi kuchlardan himoya qilishda ko'maklashadi. AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Tbilisiga tashrifi chog'ida shu haqda memorandum imzoladi.

8-iyul kuni Varshavada NATO sammiti oldidan o'tayotgan bu uchrashuv Rossiyadan xavfsirayotgan ittifoqchilarga dalda berishga qaratilgan. Kerri Ukrainaga ham boradi.

"Mustaqil o'lka sifatida G'arb bilan yaqinroq aloqa o'rnatish istagingiz bor ekan, qo'rquvsiz, cho'chimasdan hamkorlik qila olishingiz kerak", - dedi Amerika bosh diplomati Gruziya bosh vaziri bilan muloqotda.

Tbilisida imzolangan hujjatlarda AQSh va Gruziya o'rtasida harbiy hamkorlikni kuchaytirish, ko'proq ma'lumot almashish, mahalliy armiyaning jangovar tayyorgarligini oshirish haqida gap boradi.

Hozirgi yordam, asosan, Afg'oniston va Iroqqa safarbar etilgan gruzin zobitlari uchun treninglar o'tkazishdan iborat edi.

"Rossiya Gruziya hududlarini bosib olib, u yerlarni harbiylashtirayotgani noqonuniy", - deya ta'kidladi Jon Kerri, Janubiy Osetiya va Abxaziyaga ishora qilib. Kreml 2008-yilgi urushdan so'ng bu ikki hududni mustaqil davlatlar deb tan olgan edi.

"2008-yilgi sulhga binoan Rossiya o'z qurolli kuchlarini mojarodan oldingi holatga qaytarishi kerak", - deydi u.

Jon Kerri 7-iyul kuni Ukrainaga, undan so'ng NATO sammitida qatnashish uchun Varshavaga yo'l oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG