Jon Kerri: Iroqni qo'llab-quvvatlashda davom etamiz

  • Amerika Ovozi

Amerika bosh diplomati Bahrayndan Iroqqa safar qilib, Bosh vazir Haydar al-Abadiy va Kurdiston muxtoriyati Bosh vaziri Neshirvan Barzaniy bilan muzokara qilmoqda.

Amerika bosh diplomati Bahrayndan Iroqqa safar qilib, Bosh vazir Haydar al-Abadiy va Kurdiston muxtoriyati Bosh vaziri Neshirvan Barzaniy bilan muzokara qilmoqda.

Amerika bosh diplomati Jon Kerri kutilmaganda Bag'dodga bordi. Davlat kotibi Yaqin Sharq va Osiyo mamlakatlari bo'ylab safar qilmoqda.

Jon Kerri bugun, juma kuni Bahrayndan Iroqqa safar qilib, Bosh vazir Haydar al-Abadiy va Kurdiston muxtoriyati Bosh vaziri Neshirvan Barzaniy bilan muzokara qilmoqda.

Iroq hukumati xavfsizlik, iqtisodiyot bobidagi va siyosiy tanazzul bilan yuzlashayotgan bir paytda Amerika Bag'dodni har jihatdan qo'llashga tayyor, deydi u.

Bu tashrif Iroqning armiyasi shimoldagi Mosul shahrini "Islomiy davlat" to'dasidan tortib olishga hozirlik ko'rayotgan bir paytda o'tayapti. Shahar 2014-yildan beri jangarilar changalida. Amerika Iroq tomoniga bu muhim amaliyotdan yordamni oshirishi haqida xabarlar bor. Hafta boshida koalitsiya amalga oshirgan havo hujumida "Islomiy davlat"ning Mosuldagi qarorgohi yo'q qilingan. Bu inshoot avval Turkiyaning vakolatxonasi bo'lgan edi.

"Islomiy davlat" guruhi Iroqdagi jangda mag'lub bo'layapti, yetakchilari sekin-asta qirib tashlanmoqda, dedi Kerri. Bir paytlar nazoratida bo'lgan hududlarning 40 foizini qo'ldan boy berib ulgurdi jangarilar, deydi bosh diplomat.

Hozir Iroqda Amerikaning 3870 nafar askari bor. Kerrining aytishicha, Iroq AQShdan qo'shimcha harbiy so'ragan emas, lekin ayrim manbalarga ko'ra, Pentagon yaqin orada Prezident Obamaga shunday iltimos bilan murojaat qilishi mumkin.

Hozircha Amerika Mosul tevaragida qo'shimcha harbiy postlar o'rnatish bilan cheklanmoqda.

Bundan tashqari, Jon Kerri Amerika Iroqning sarson-sargardon fuqarolari uchun qo'shimcha 155 million dollar gumanitar madad ajratishini e'lon qildi. Bu esa Qo'shma Shtatlar 2013-yildan beri Iroqqa 780 million dollarlik insonparvarlik yordami sarflaydi, degani.

Amerika bosh diplomatining tashrifi Bosh vazir Abadiy siyosiy tanglik bilan ro'para kelib turgan paytga to'g'ri keldi. Abadiy o'tgan oy Vazirlar Mahkamasini tarqatib yuborishni, shu tariqa korrupsiyaga qarshi kurashishni taklif qilgan edi. Kerri eslatishicha, Vashington Iroqning ichki ishlariga aralashmaydi, biroq diplomat bosh vazir Abadiyga siyosiy barqarorlikni ta'minlash muhim ekanini uqtirgan.

Jon Kerri shanbada Kobulga bormoqchi. U Prezident Ashraf G'ani va Bosh vazir Abdulla Abdulla bilan ko'rishishi kutilayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG