Breaking News

Kerry Yaqin Sharq xavfsizligidan xavotirda


AQSh davlat kotibi Jon Kerri
AQSh davlat kotibi Jon Kerri

AQSh davlat kotibi Jon Kerri Yaqin Sharq davlatlari rasmiylari bilan Iroqdagi vaziyat va mintaqada islomiy jangarilarning kuchayishini muhokama qilmoqda. O’zini Iroq va Shom islomiy davlati deb atovchi guruh so’nggi haftalarda Iroq shimolining katta qismini bosib olib, poytaxt Bag’dodga tahdid solmoqda.

Sunniy musulmonlardan iborat guruh ikki hafta oldin hujumini boshlab, iroqlik shialarni vahimaga soldi. Minglab odamlar jangarilar qo’liga o’tgan shaharlarni tark etishga majbur bo’ldi.

AQSh davlat kotibi Jon Kerri chorshanba kuni Bryusselda NATO rasmiylari bilan uchrashib, tahdid darajasini muhokama qildi.

"Uzoqdagi tahdidning barchamizga oqibati kutilmagan payt kutilmagan vaziyatda fojiali bo’lishi mumkinligini eslatishga hojat yo’q deb o’ylayman", - dedi Kerri.

AQSh rasmiysi xalqaro hamjamiyatni ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqirdi. Uning nazarida ekstremizm Iroqda bo’lgani kabi bir davlatdan boshqa davlatga o’tish salohiyatiga ega.

"Guruh Suriyadan Iroqqa tez o’tib, yangicha tahdid yaratmoqda. Bu bizdan strategik fikrlashni, razvedka ma’lumotlarini bahamlashishni, tayyorgarlikni kuchaytirishni taqozo etadi. NATO buning uddasidan doim chiqib kelgan", - deydi Kerri.

Unga ko’ra, alyans a’zolari doimiy baza qurish o’rniga hushyorlikni oshirishi lozim.

Iroqda sunniylar Saddam Husayn davrida ozchilikda bo’lgan bo’lsa-da, hokimiyat ularning qo’lida edi. Saddam ag’darilgach, ular hokimiyat tepasiga kelgan shialarni qatag’onlarda ayblab, qo’lga qurol olishdi. Iroq va Shom islomiy guruhi shialarni nishonga ola boshladi. Guruh sunniylardan tashkil topgan bo’lsa-da, so’nggi paytda kurdlar ham Bag’dodni ularning manfaatlariga xiyonat qilganlikda ayblab chiqdi.

AQSh va uning mintaqadagi ittifoqchilariga ko’ra, agar Iroq hukumati bir yoqadan bosh chiqarsa, barcha etnik guruhlar va mazhablar bilan birgalikda ishlasa, jangarilarga qarshi samarali kurashishi mumkin, ammo bunday bo’lishiga umid yo’q.

Chorshanba kuni Barak Obama bilan uchrashgan Isroil prezidenti Shimon Peres Iroq va Yaqin Sharqda tinchlik qaror topishiga shubha bildirdi.

"Iroq yaxlit davlat bo’lib qolsagina ishi yurishadi, ammo buning iloji yo’q deb qo’rqaman. Buning uchun Iroqqa kuchli armiya yuborib, uchala tomonni kuch bilan birlashtirish kerak. Bunday armiya yo’q, tomonlar ham bunga ko’nmaydi", - deydi Peres.

Isroil prezidentining aytishicha, Yaqin Sharqni terror qamrab oldi, natijada mintaqadagi davlatlar poydevori darz ketmoqda. Dunyoning boshqa qismi bunga ko’z yumib tura olmaydi, dedi Peres.

Iroq xavfsizlik kuchlari jangarilarning poytaxtga kirishining oldini olishga hozirlanmoqda. Armiya haligacha ularga jiddiy zarba bera olmadi. Bugun Kerri Saudiya Arabistonida bo’lib, qirol Abdulla bilan vaziyat bo’yicha fikr almashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG