AQSh Shimoliy Koreyaga: Urishqoqlikni bas qiling


Qo’shma Shtatlar Shimoliy Koreyaning yana raketa sinovlari o’tkazish qarorini “provokatsiya” va jiddiy xato deb baholaydi. Urishqoqlik bilan xalqaro hamjamiyat e’tiborini qozona olmaysiz, dedi AQSh Tashqi ishlar vaziri Jon Kerri, bu davlat rahbariyatiga qarata.

Kerrining ta’kidlashicha, AQSh o’zini va ittifoqchilarini himoya qilishga qodir. Shimoliy Koreya hech qachon yadroviy derjava sifatida tan olinmaydi. U Janubiy Koreyaga tashrifi chog’ida shunday bayonot berdi.

AQSh harbiy razvedkasi ma’lumotiga ko’ra, Shimoliy Koreya yadro bombasini raketaga o’rnatib uchirish uchun zarur texnologiyaga ega. Ammo Jon Kerri qatorida Pentagon rasmiylari ham bu xulosani xom deya rad etmoqda.

Raketa sinovlari uchun sanksiyalar bilan jazolangan Pxenyan bir necha haftadan beri AQShga qarshi urush nog’orasini chalib, navbatdagi sinovlarga hozirlik ko’rayapti.

“Shimoliy Koreya xalqi raketalarga emas, oziq-ovqatga zor. Ularga ko’krak keradigan rahbar emas, imkoniyatlar kerak”, - deydi AQSh davlat kotibi.

Jon Kerri Seulda prezident Pan Gin Xe va AQSh harbiy qo’mondonlari bilan uchrashdi. Janubiy Koreyada Amerikaning 28 ming sonli qo’shini bor.

Bu orada, Pentagon va razvedka idoralari rahbarlari Shimoliy Koreyaning ballistik raketa salohiyatiga doir vahimali tahlillarda aniqlik yo’qligini ta’kidlashda davom etayapti. Janubiy Koreya ham bu xabarlarni asossiz deb hisoblaydi.

AQSh rahbari Barak Obama kommunist o’lkani urush olovini yoqish harakatlarini bas qilishga chaqirmoqda. Koreya yarimorolida biror mojaro boshlanishini hech kim istamaydi, deydi u.

Oq uyda BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bilan uchrashuvda bu bosh mavzu edi.

Obamaning aytishicha, diplomatik muzokara eshiklari ochiq, lekin AQSh o’zini va mintaqadagi ittifoqchilarini himoya qilish uchun qat’iy choralar ko’rishga ham tayyor.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning Shimoliy Koreyaga maslahati – tahdidlar qilishni bas qiling, provokatsiyadan o’zingizni tiying.

XS
SM
MD
LG