Breaking News

Isroil va Falastin muzokaraga qaytadimi?


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Isroil va Falastinni tinchlik muzokaralariga qaytishga ko’ndirmoqchi.

Iordaniya poytaxti Omanda so’zlagan Kerrining aytishicha, tomonlarning istagi bir – u ham bo’lsa tinchlik. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu va Falastin prezidenti Mahmud Abbos uchun bu jiddiy sinov, deydi diplomat.

Jon Kerri Quddusda Netanyaxu va Omanda Abbos bilan muloqot qiladi. Uchrashuv oldidan Isroil vaziri xavfsizlik masalasida yon bermasligini aytgan.

“Barchamiz tinchlikda hayot kechirishni istaymiz. Falastinliklar bilan kelishuvga erishsak ham yahudiy davlatiga qarshi zo’ravonliklar to’xtamaydi. Buni bilamiz”, - deydi Netanyahu.

AQSh bosh diplomatiga ko’ra, Isroil va Falastin rahbariyati muzokaralar qayta yo’lga tushib olishini istaydi, lekin yaqin orada progress bo’lishini kutmaslik kerak.

“Bu muloqotlar samara berishiga ishonganim uchun ham bu yerga keldim”, - deya qo’shadi u.

Muzokaralarga g’ov bo’layotgan asosiy faktor – Isroil bosib olgan hududlarida o’z fuqarolari uchun uy-joy qurishni kengaytirayotganidir. Kuni kecha Sharqiy Quddusda yana o’nlab imoratlar barpo etilishi haqida e’lon qilindi.

Har Homa posyolkasida, shuningdek, shaharning arablar yashovchi mahallalarida 100 ga yaqin uy quriladi, deya bildiradi Quddus ma’murlari.

Falastin rasmiysi Hanan Ashraviy asl maqsadi boshqa, deydi:

“Isroilga tinchlik kerak emas, yonma yon yashovchi ikki davlat g’oyasi ham unga begona. Ular falastinliklardan ko’proq yerni tortib olish uchun vaqt yutishga urinyapti xolos”, - deydi Ashraviy.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG