Amerika bosh diplomati Abbos, Netanyaxu bilan muzokarada

  • Amerika Ovozi

Amerika Davlat kotibi Jon Kerri, Falastin ma'muriyati rahbari Mahmud Abbos

Amerika Davlat kotibi Jon Kerri, Falastin ma'muriyati rahbari Mahmud Abbos

Davlat kotibi Jon Kerri Falastin ma’muriyati prezidenti Mahmud Abbos bilan ko’rishib, Yaqin Sharqda tinchlik muzokaralarini jonlantirish borasida gaplashib oldi. Ikkisi bugun Iordaniya poytaxti Ammonda uchrashgan.

Amerika bosh diplomati so’ng Quddusga qaytib, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan muloqot qilmoqda. Kerri va Netanyaxu kecha ham muzokara o’tkazgan edi. Yahudiy davlati bosh vazirining aytishicha, Isroil xavfsizlik masalasida biror shartlaridan yoki manfaatlaridan voz kechmoqchi emas.

Amerika rasmiysi Quddus va Ammon o’rtasida qatnab, ikki tomonni bir davraga to’plashga, Falastin davlati va Isroil osuda yashay olishi uchun zamin hozirlash haqida gaplashishga harakat qilayapti. Yaqin Sharq tinchlik muzokaralari, mana bir necha yildirki, boshi berk ko’chaga kirib qolgan.

Jon Kerri kecha, shuningdek, Iordaniya qiroli Abdulla bilan uchrashdi. Amerika diplomatining so’zlariga ko’ra, Abbos va Netanyaxu muzokaralar muvaffaqiyat qozonishini istaydi, ammo ikki arbob bunga qarshilar bilan olishishga tayyor turishi kerak.

Isroil hafta boshida Sharqiy Quddusda yahudiylar uchun o’nlab yangi uylar qurish rejasini e’lon qilgan edi. Bu Falastinda e’tiroz uyg’otdi. Isroilning G’arbiy sohilda olib borayotgan qurilish ishlari ziddiyatning asosiy sabablaridan biri sifatida ko’riladi.

Kerrining aytishicha, qurilish yuzasidan tortishuvni murosa yo’li bilan hal qilish mumkin. U asosiy e’tiborni G’arbiy sohilda iqtisodiy taraqqiyotga, qo’shma loyihalarni rivohlantirishga qaratmoqda.

Falastin o’tgan yili BMT Bosh Assambleyasida a’zo bo’lmagan davlat maqomini qo’lga kiritgan edi. Tinchlik muzokaralari siljimas ekan, Mahmud Abbos BMT Inson huquqlari kengashiga a’zo bo’lib, Xalqaro jinoiy sudga bosh qo’shishi mumkin. Bu esa Falastinga Isroilni harbiy jinoyatlarda ayblab, tergov qo’zg’atish imkonini beradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG