Jon Kerri yangi yildagi ilk safarini Yaqin Sharqdan boshlaydi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri yangi yilning ilk kunini Yaqin Sharqda o’tkazadi. Chunki u Isroil va Falastin o’rtasidagi tinchlik muzokaralarini jadallashtirish uchun yana bir bor mintaqaga tashrif buyurmoqda.

Kerrining tashrifi arafasida Isroil munosabatlarning iliqlashuvi nishonasi sifatida navbatdagi falastinlik mahbuslar guruhini ozodlikka chiqarishga tayyorlanmoqda.

Falastinlik mahbuslarning ozod qilinishiga qarshi bir guruh isroilliklar shanba kuni Bosh vazir Benyamin Netanyaxu uyi oldida norozilik namoyishi o’tkazdi.

Mahbuslarning qo’yib yuborilishi Isroil va Falastin bir-birini tan olgan holda tinch yashashini ta’minlovchi reja doirasida amalga oshirilmoqda.

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Jen Psakining aytishicha, Kerri Netanyaxu bilan uchrashish uchun 1-yanvar kuni Quddusga jo’nab ketadi. So’ng u G’arbiy Sohildagi Ramalloh shahrida Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashadi.

Abbos Isroilning Falastin hududida yahudiy qurilishlarini kengaytirayotganiga qarshi yordam so’rab AQShga murojaat etgan. Uning aytishicha, bu qurilishlar o’zaro tinchlik muzokaralariga rahna soladi.

AQSh bosh diplomati esa tomonlarni tezroq muvaqqat tinchlik bitimini imzolashga chaqirmoqda. Tinchlikka erishish bo’yicha o’rtaga qo’yilgan muddat aprel oxiriga borib nihoyasiga yetadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG