Kerri Quddusda Netanyaxu, G'arbiy Sohilda Abbos bilan uchrashdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bugun Quddusda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan uchrashdi. Tomonlar Isroil-Falastin tinchlik jarayonini jonlantirish hamda so'nggi paytlarda odat tusiga kirgan arablarning yahudiylarga hujumlari xususida gaplashgan.

Netanyaxuning aytishicha, bu hujumlar tinchlik jarayoni bilan bog'liq barcha umidlarni puchga chiqardi.

"Terror avjiga chiqqan bir paytda tinchlik bo'lishi mumkin emas. Na bu yerda, na dunyoning istalgan joyida. Islomiy jangarilar va terror kuchlari hamma joyga changal soldi", - dedi u.

Bugun Isroil tomonidan bosib olingan G'arbiy Sohilda falastinlik bir odam mashinasida isroillik ikki askar va bir politsiyachini urgan, barchasi jarohat olgan.

Kerri zo'ravonliklarni qoraladi, ularni terror hujumlari deb atadi. Bu va Parijdagi xurujlar tinchlik o'rnatishga qaratilgan harakatlarni qiyinlashtirmoqda, dedi u.

"Bugun bosh vazir bilan terrorizmga qarshi qanday kurashish mumkinligi haqida gaplashdik. Ma'nosiz zo'ravonliklarga chek qo'yish uchun xalqaro hamjamiyat nima qilishi mumkin? Mintaqada ko'p narsalar bo'lyapti. Isroilda ham. Suriyadagi vaziyatdan xavotirdamiz. Ko'p davlatlarning kundalik hayotini izdan chiqargan zo'ravonlikka qarshi hamkorlikda kurashish kerak", - dedi Kerri.

AQSh davlat kotibi bugun G'arbiy Sohilda Falastin Prezidenti Mahmud Abbos bilan ham uchrashdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG